Koptokni kim ixtiro qilgan?
Kim birinchi bo’lib koptok o’ynaganini hech kim bilmaydi, lekin bu narsaning juda qadim zamonlarda bo’lgani ma’lum. Ibtidoiy zamonlardan davrimizga qadar mavjud bo’lgan har bir tsivilizasiya koptoklarning har xil turlaridan foydalaniladigan o’z o’yinlariga ega bo’lgan. Ayrim qadimiy xalqlar qamishdan yasalgan koptokni dumalatib yurgan bo’lishsa, boshqalari o’yinda qush pari tiqilgan charmdan foydalanishgan. Keyinchalik yunonlar va rimliklarning miyasida havodan foydalanishdek ajoyib bir g’oya tug’iladi. «Follis» deb ataluvchi havo bilan shishirilgan koptokni uloqtirish va tutib olishda ishlatishgan. Ular xuddi shuningdek katta o’lchamdagi koptoklar bilan futbol yoki koptok oyoq bilan tepiladigan o’yinlardan bir xilini o’ynar edilar. Koptoklar muayyan bir mamlakatda ko’p miqdorda mavjud bo’lgan turli-tuman materiallardan tayyorlangan. Shimoliy amerikalik hindular, masalan, ovchi bo’lishgani tufayli bugu terisidan yasalgan koptoklarni o’ynashgan. Yaponlarning bolalari esa ip bilan o’ralgan dag’al matodan yasalgan koptoklarni ermak qilishgan. Naql qilishlaricha, Xristofor Kolumb Markaziy Amerikada kauchukdan yasalgan qattiq koptoklarni o’ynagan hindularni uchratgan ekan. U ana shunaqa koptoklardan bir nechtasini o’zi bilan birga Yevropaga olib keladi va shunday qilib, yevropaliklarni sakrovchan rezina to’plar bilan tanishtiradi. Koptok bilan o’ynaladigan zamonaviy o’yinlarning ko’pchiligi diniy yoki sohirlik marosimlaridan kelib chiqqan. To’p bilan o’ynaladigan o’yinlar ko’pincha urush, ilohlar, shaytonlar, hayot va o’lim to’g’risidagi qadimiy tasavvurlarga asoslangan. Misrliklar kishilar orasida birinchi bo’lib to’p bilan marosim o’yinlari o’tkazgan qavmdir. Har bahorda ikkita katta guruhdagi odamlar o’z ilohlari tomonida turib kurashiladigan musobaqada qatnashar edilar. O’yinda yog’och koptokdan va uchi qayrilgan kaltakchadan foydalayailardi. Vazifa raqib jamoaning darvozasiga to’p kiritishdan iborat bo’lgan. Uyushgan holda va astoydil harakat hilgan jamoa o’z ilohiga bag’ishlanadigan g’alabani qo’lga kiritgan.