Lab bichilishi, angulit

Lab bichilishi, angulit — og’iz burchaklarida paydo bo’ladigan yoriqlar va yassi qavariqlar. Infektsion kasallik, bunda og’iz burchagining shilliq qavati va terisi zararlanadi. Organizmda V2 vitamin yetishmasligi, milk kasalliklari, nordon va achchiq ovqatlarni muntazam iste’mol qilish, ko’p so’lak ajralishi, og’iz bo’shlig’ini yaxshi parvarish qilmaslik va boshqalar sabab bo’ladi. Stafilokokklar, streptokokklar, ayrim takomillashmagan zamburug’lar qo’zg’atadi. Ko’pincha, labini yalab yurishga o’rganib qolgan bolalar va o’smirlar, shuningdek, yasama tish qo’ydirganlarda uchraydi. Lab burchaklaridagi teri va shilliq qavat namlanib qizaradi, keyin sariq qo’tir bilan qoplanib, yoriladi va og’riydi. Zamburug’lar qo’zg’atgan bo’lsa, kasallik og’iz bo’shlig’i shilliq pardasiga o’tishi mumkin. Davoni vrach tayinlaydi. Surunkali Lab bichilishi organizda vitamin etishmasa, uzoq davom etadi, shunga qaramay to’g’ri davo qilinsa, butunlay tuzalib ketadi. Lab bichilishining oldini olishda to’g’ri ovqatlanish, servitamin mahsulotlarni muntazam iste’mol qilib turish, shuningdek, og’iz bo’shlig’i va tishlarni doimo to’g’ri parvarish qilish muhim ahamiyatga ega.