Lambliyalar (Lamblia), lyambliyalar
Lambliyalar (Lamblia), lyambliyalar — ko’p xivchinlilar turkumiga mansub xivchinlilar urug’i. Sut emizuvchilar (odam, quyon, sichqonlar), suvda va quruqliqda yashovchilar, ayrim umurtqasiz hayvonlar ichagida parazitlik qiladi. Tanasi noksimon, 2 tomonlama simmetriyali, uzunligi 8-30 mkm. Botiq qorin tomonida ichak devoriga yopishadigan so’rg’ich bo’ladi. Asosan, bo’yiga bo’linish orqali jinssiz ko’payadi. To’g’ri ichakka tushgan Lambliyalar qalin po’stga o’ralib, tsista hosil qiladi. Tashqi muhitga chiqqan tsista boshqa organizmlarni zararlaydi. 100 ga yaqin turi ma’lum. Odam (ko’pincha, bolalar) ingichka ichagi va o’t yo’llarida parazitlik qiladigan ichak Lambliyalari lyamblioz paydo qiladi.