Laruss entsiklopediyalari

Laruss entsiklopediyalari -Parijda pedagog va leksikograf P. Laruss (1817-75) asos solgan «Laruss» nashriyotida chop etilgan entsiklopediyalar (1852). Birinchi entsiklopediya «XIX asrning katta universal lug’ati» («Crand dictionnaire universal du XIX e siecle») yoki «Laruss XIX asrda» deb ataladi. Lug’atning 15-jildi 1865-76 yillar oralig’ida (qo’shimcha 2 jildi 1878-88 yil) nashr etilgan. Unda ijtimoiy fanlarga oid maqolalar salmoqli o’rin egallaydi, adabiyot va musiqa asarlariga doir maqolalarga ham anchagina o’rin berilgan. Maqolalarining aksariyati davrga nisbatan murosasizlik va klerikallikka qarshi ruhda yozilgani uchun entsiklopediya Vatikan tomonidan «Taqiqlangan kitoblar ro’yxati»ga kiritilgan. 1897-1904 yillarda 7 jilddan iborat «Larussning yangi suratli entsiklopediyasi» (qo’shimcha jildi 1906 yil) nashrdan chiqarilgan. 1927-33 yillarda 6 jilddan iborat «Laruss XX asrda» entsiklopediyasi yaratilgan. 1948-50 yillarda shu entsiklopediya qayta ko’rib chiqilib (qo’shimcha jildi 1953 yil) nashr etilgan. 1960— 64 yillarda Larussning ko’p jildli zamonaviy entsiklopediyasi — «Larussning 10 jildli katta entsiklopediyasi» (qo’shimcha jildi 1968 yil) yaratildi. Maqolalar qisqa ma’lumotnoma shaklida yozilgan, shu sababli entsiklopediyada 450 mingdan ortiq termin mavjud. 1971 yildan Laruss nashriyoti 60 jilddan iborat «katta entsiklopediya» ustida ish olib bormoqda. Hozirgi paytda uning yarmidan ko’pi bosmadan chiqarilgan. Bundan tashqari, firma bolalar va yoshlar uchun ilmning turli sohalari (tibbiyot, geografiya qishloq xo’jaligi va boshqalar) bo’yicha bir qator kichik entsiklopediyalar, entsiklopedik lug’atlar va ma’lumotnomalar nashr etgan. 1906 yildan boshlab har yili bir jildli «kichik Laruss» («Petit Larosse») nashr etilmoqda.