Lavrentiy qirlari
Lavrentiy qirlari — shimoliy Amerikaning shimoliy-Sharqiy qismidagi qirlar. Kanada va qisman AQSh hududida. Shimol va shimoli-sharqdan Atlantika okeani o’rab turadi. Maydoni 5 million km2. Balandligi 200-400 metr, Sharqiy qismi (Labrador yarim oroli) nisbatan balandroq (Tornga tog’i, 1676 metr). Lavrentiy qirlari gneys, kristalli slanes, granit, dioritlardan tuzilgan. Temir rudasi, nikel, oltin, uran va boshqa foydali qazilmalarga boy. Pleystosenda muz bilan qoplangan. Muz o’ygan chuqurliklarda ko’llar paydo bo’lgan. Lavrentiy qirlari mo’tadil va subarktika iqlim mintaqalarida joylashgan. Qishning uzoq, yozning salqin va qisqa bo’lishida Labrador sovuq oqimining ta’siri bor. To’ng yerlar, ko’l va daryo ko’p. Yirik daryolari: Cherchill, Nelson, Bak va boshqalar. Daryolari serostona, bahorda to’lib oqadi. Shimoldan janubga tomon tundra, o’rmon-tundra va taiga zonalari almashib boradi. Mox, lishaynik, qayin, oq qarag’ay, tilog’och, zarang, oq qayin o’sadi. Shimol bug’usi, qutb tulkisi, lemming, qutb bo’risi, qora ayiq, suvsar, bobr, ondatra va boshqalar yashaydi.