Legirlangan po’lat
Legirlangan po’lat — tarkibiga ma’lum xossa beradigan legirlovchi elementlar (xrom, nikel, molibden, volfram, vanadiy, marganes, kremniy, titan, bor) sun’iy ravishda qo’shilgan po’lat. Legirlangan po’lat tarkibidagi legirlovchi elementlarga qarab nomlanadi. Mikrolegirlangan (elementlar mikrodozada kiritilgan), kam (legirlovchi elementlar 2,5% gacha), o’rtacha (3,5 -10%), yuqori (10% dan yuqori) legirlangan xillarga bo’linadi. Bulardan tashqari, Legirlangan po’lat konstruktsion, asbobsozlik va alohida kimyoviy-fizik xossaga ega bo’lgan po’latlarga (masalan, issiqbardosh po’lat, olovbardosh po’lat, magnitli po’lat va boshqalar) bo’linadi. Legirlangan po’latdan mashina, mexanizm va qurilmalarning detallari, asboblar va boshqalar tayyorlanadi.