Leksikologiya

Leksikologiya (leksika va …logiya) — tilshunoslikning til lug’at tarkibi, ya’ni muayyan bir tilning leksikasini o’rganuvchi bo’limi. Leksikologiya har bir so’zni yolg’iz holda emas, balki boshqa so’zlar bilan bog’liq holda o’rganadi. Leksikologiya tilshunoslikning leksikografiya, frazeologiya, semasiologiya yoki semantika, etimologiya, stilistika hamda so’z yasalishi haqidagi ta’limot kabi sohalari bilan chambarchas bog’liq. Leksikologiyaning asosiy muammolaridan biri so’zning mustaqil til birligi sifatida mavjudligi masalasidir. Leksikologiyada so’zlarning ma’no jihatdan o’zaro bog’langan, ya’ni monosemiya, polisemiya, sinonimiya, antonimiya, suz ma’nolarining erkin yoki bog’liq holda bo’lishi kabi masalalari ham o’rganiladi. Leksika muayyan bir tizim sifatida ko’rilganda, so’z ma’nolari va tushunchalarning o’zaro bog’liq holda bo’lishi ko’zda tutiladi. Leksikologiya lug’at tarkibining amalda ishlatilishi va taraqqiyoti qonuniyatlarini, so’zlarning uslubiy jihatdan tasnifiy tamoyillarini ishlab chiqadi. Shuningdek, so’zlashuv va adabiy tillarda foydalanish me’yorlarini, professionalizm, dialektizm, arxaizm, neologizm, leksikalashgan so’z birikmalarini me’yorlashtirish kabi masalalarni tahlil etadi hamda bular haqida muayyan xulosalar chiqaradi. Ad.: Tursunov U. va b., Hozirgi o’zbek adabiy tili, T., 1965; hozirgi o’zbek adabiy tili, 1-j., T., 1966; Mirza- eV M.va b., O’zbek tili, T., 1970. Bozorboy O’rinboyev.