Leptospirozlar

Leptospirozlar — odam va hayvonlarda uchraydigan o’tkir infektsion kasallik; zoonoz kasalliklar guruhiga kiradi. Leptospiralar qo’zg’atadi, ularning 10 dan ortiq serologik guruhlari mavjud. Leptospiralar nam sharoitda uzoq yashaydi, past haroratga chidamli. Kasallikning tabiiy, xonaki va aralash o’choqlari bor. Tabiiy o’choqlarda, asosan, kemiruvchilar, uy sharoitida esa qoramol va qo’y-echkilar, cho’chqa hamda kalamush va sichqonlar infektsiya manbai hisoblanadi. Infektsiya kasal hayvondan odamga bevosita muloqotda yoki teri, shuningdek, ifloslangan suv va oziq- ovqat orqali yuqadi. Kasallik shartli ravishda sariklik bilan kechadigan (Veyl-Vasilev kasalligi, uni birinchi bo’lib kashf etgan nemis olimi A.Veyl va rus olimi N.P.Vasilev nomidan) va sariqsiz xillarga ajratiladi. Sariklik bilan kechadigan Leptospirozlar to’satdan qaltirish, harorat ko’tarilishi, qattiq bosh og’rig’i, ko’ngil aynishi va qusish bilan boshlanadi; dam-badam isitma tutishi kasallikka xos. Muskullarda kuchli og’riq, badanda mayda toshmalar bo’ladi. Buyrak, jigar, ba’zan qon tomirlar zararlanadi. Kasallikning 4-kuniga kelib badan sarg’ayadi. Sariqsiz Leptospirozlar (suv isitmasi)da ham isitma chiqadi, muskul va bo’g’imlar og’riydi, lekin badan sarg’aymaydi, kasallikning bu shakli bir qadar yengil kechadi, deyarli asorat qolmaydi. Hayvonlardan qoramol, qo’y, echki, ot, tuya, cho’chqa, it, mushuk, parranda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilarda uchraydi. Kasallik kamqonlik, sariqlik, yoppasiga bola tashlash, shilliq pardalar va teriga qon quyilishi, nekroz bilan kechadi. Leptospirozlar O’zbekistonning barcha hududlarida uchraydi. Kasallikning yashirin davri 2-20 kun. Qoramol, qo’y, echkilarda kasallik juda o’tkir rivojlanib, ishtaha yo’qoladi, holsizlanadi, nafas olishi va yurak urishi tezlashadi, isitma ko’tariladi va 1-2 kundan keyin hayvon o’ladi. Kasallikdan tuzalgan hayvonlarda uzoq muddatli immunitet paydo bo’ladi. Tashxis epizootologik ma’lumotlar, klinik belgilar, serologik usullar va laboratoriya tekshiruviga asosan qo’yiladi. Davolash: kasallikka qarshi giperimmun zardob va streptomisin, tetrasiklin ishlatiladi. Oldini olish: kemiruvchilarga qarshi kurash, maxsus emlash, veterinariya-sanitariya tadbirlari ko’rish.