Lesnaya krasavitsa, Mariya Luiza, Flamand go’zali
Lesnaya krasavitsa, Mariya Luiza, Flamand go’zali — ertapishar yozgi nok navi. Vatani—Belgiya. Jahon bog’dorchiligida eng ko’p tarqalgan navlardan biri. Daraxti kuchli o’sadi. Yovvoyi nok, behiga payvand qilinganda yaxshi rivojlanadi. Shox-shabbasi keng piramida shaklida. Barglari o’rtacha, cho’ziq, ellipssimon. O’zidan changlanadi. Mevasi o’rtacha kattalikda (120— 130 gramm; yosh daraxtlari yaxshi parvarish qilinganda 600-700 grammga boradi), tuxumsimon, sariq tillarang, qizil taram-taramlari bor, eti tig’iz, kuvrak, shirin. Mevasi iyul oxiri — avgust boshlarida pishadi. Mevasi tarkibida 17,5% quruq modda, 11,5% qand, 0,21% kislota mavjud. Ko’chati ekilgach, 4-yili hosilga kiradi. Hosildorligi yuqori, ba’zan solkash, 26-30 yoshli daraxti 250-300 kilogrammgacha hosil beradi. 45 yoshigacha hosil qiladi. Sovuqqa chidamli. Terilgan mevasi 15-18 kun saqlanadi. Yangiligida iste’mol qilinadi, qoqi solinadi. O’zbekistonning barcha viloyatlari uchun rayonlashtirilgan.