Limit

Limit (lotincha Limes — chek, chegara) — matematikaning muhim tushunchalaridan biri. Agar bir o’zgaruvchiga bog’liq ikkinchi o’zgaruvchi birinchi o’zgaruvchining o’zgarish jarayonida a songa cheksiz yaqinlashsa, a soni ikkinchi o’zgaruvchi miqdorning limiti deyiladi. Bu yerda Limit tushunchasi o’zgarish va cheksiz yaqinlashish jarayoni haqidagi tasavvurga bog’liq. Limitning aniq matematik ta’rifi 19-asr boshlarida shakllandi. Natijada matematikada yangi usul — Limitlar usuli paydo bo’ldi. Bu usulning tatbiqi va rivoji differentsial hisob va integral hisobning yaratilishiga, matematik analizning vujudga kelishiga olib keldi. Limit nazariyasida Limitlarning xossalari tekshiriladi, o’zgaruvchi miqdor Limitning mavjud bo’lishi shartlari o’rganiladi, bir necha sodda o’zgaruvchi miqdorlarning Limitlarini bilgan holda murakkab funktsiyalar Limitlarini hisoblashga imkon beradigan qoidalar topiladi. Limit nazariyasining asosiy tushunchalaridan biri cheksiz kichik — Limiti nolga teng bo’lgan o’zgaruvchi miqdor tushunchasi. Limit nazariyasining yaratilishiga I. Nyuton, J. D’Alamber, L. Eyler, O. Koshi, K. Veyershtrass, Bolsanolar katta hissa qo’shishgan.