Lingvistik atlaslar, dialektologik atlaslar
Lingvistik atlaslar, dialektologik atlaslar — maxsus dastur — so’roqlik asosida tayyorlangan, ma’lum bir yoki bir necha o’zaro yaqin tillarga xos dialektal xususiyatlarning hududiy tarqalish chegarasini aks ettiradigan dialektologik xaritalarning albom shaklida tartibga solingan to’plami. Lingvistik atlaslar tuzish ishlari ma’lum tilning asosiy dialektik xususiyatlari oldindan ma’lum bo’lgandan so’ng boshlanishi mumkin. Material tuplashga muljallangan dastur-so’roqlikning xususiyati, materialni to’plash va yozib olish usuli, xaritalashtirish tartibi atlas tuzuvchilarning maqsadi, ish hajmi, mavjud imkoniyatlariga qarab belgilanadi. Dastur tilning barcha sathlarini yoki ulardan birini — leksika yoki fonetikani — qamrab olishi mumkin. U yoki bu til hodisa-sini aniqlashga qaratilgan savollar miqdori 40-50 tadan bir necha mingtagacha bo’ladi. Lingvistik atlaslar tuzish har bir milliy til dialektologiyasining rivojlanishidagi muhim bosqich bo’lib, u tilni lingvistik geografiya usuli bilan o’rganish uchun asos vazifasini bajaradi.