Lishayniklar
Lishayniklar (Lichenes) — zamburug’larning maxsus bir guruhi; suv o’tlari va zamburuglardan tarkib topgan tirik organizmlar kompleksi. Ayrim botaniklar Lishayniklarga tuban o’simliklarning alohida bir guruhi sifatida qarashadi. Lishayniklar haqidagi fan lixenologiya deb ataladi. 400 turkumga mansub 26000 turi bor. Jinssiz spora hosil qilishiga binoan, ikki sinf: xaltachali Lishayniklar (ma’lum bo’lgan deyarli hamma Lishayniklar) va bazidiyali Lishayniklarga (bir necha o’nlab tur) ajratiladi. Ko’k-yashil, sariq-yashil yoki yashil suvo’tlar Lishayniklarning doimiy komponenti hisoblanadi. Odatda, Lishayniklarning har bir turiga ma’lum bir suvo’t turi to’g’ri keladi. Lishayniklarning po’stloqsimon, bargsimon va butasimon shakllari bo’ladi. Po’stloqsimon Lishayniklar sodda tuzilgan; donador, guborsimon yoki po’stloq shaklida. Bargsimon Lishayniklar birmuncha murakkab tuzilgan, plastinkalar ko’rinishida. Butasimon Lishayniklar ancha murakkab tuzilgan bo’lib, shoxlari osilib tushgan yoki tik o’sadigan o’simlik tupini eslatadi. Lishayniklar anatomik tuzilishiga ko’ra gome-omer (suvo’tlar Lishayniklar tanasi bo’ylab tekis tarqalgan) va Geteromer (suvo’tlar Lishayniklar tanasining faqat ustki po’stlog’i ostida joylashgan) bo’ladi. Lishayniklar jinsiy, jinssiz vegetativ ko’payadi. Jinssiz ko’payishda Lishayniklar zamburug’i sporalari xaltachalarda (xaltachali Lishayniklar) yoki ba’zan, bazidiyalarda (bazidiyali Lishayniklar) hosil bo’ladi. Jinssiz ko’payishda konidiyalar va piknosporalar vujudga keladi. Zamburug’ sporalari o’sadi va o’ziga mos suvo’t turi bilan birlashib, yangi Lishayniklar tallomi — vegetativ tana hosil qiladi, Lishayniklar tallomning kichik qismi orqali vegetativ ko’payadi. Lishayniklardagi suvo’tlar bo’linib, yashil suvo’tlar esa avtosporalar hosil qilib ko’payadi. Jinsiy ko’payishda Lishayniklar tanasidagi suvo’tlar va zamburug’lar alohida ko’payadi. Lishayniklarning suv shimadigan maxsus organi yo’q; suvni ular tallomining butun yuzasi orqali shimadi. Suvo’tlardagi fotosintez tezligi Lishayniklar tallomidagi suvning miqdoriga bog’liq; Lishayniklar kurib qolsa, fotosintez sekinlashadi yoki to’xtaydi. Po’stloqsimon Lishayniklar butasimon Lishayniklarga nisbatan sekin o’sadi. Lishayniklar yiliga o’rtacha 0,01 mm dan 100 mm gacha o’sadi. Haroratning ko’tarilishi yoki pasayishi Lishayniklarga uncha ta’sir qilmaydi. Lishayniklar yaxshi yoritilgan turli xil substratlarda — daraxtlar, tog’ jinslari, tuproq va yashil o’simliklar barglarida, teri, suyak, qog’oz, shisha, temir va boshqa buyumlar sirtida uchraydi. Lishayniklar hamma materiklarda mavjud. Tropik va subtropik mintaqalarda, ayniqsa, tundra va baland tog’larda keng tarqalgan. Yaqingacha Lishayniklar tanasidagi zamburug’lar bilan suv o’tlari orasidagi o’zaro munosabat simbioz sifatida tushuntirib kelingan edi. Haqiqatda esa ular orasidagi munosabat paratizmta asoslangan bo’lib, ayniqsa, zamburug’ning parazitlik xususiyati yaqqol ko’zga tashlanadi. Lishayniklar unumsiz joylarda o’sishi tufayli boshqa o’simliklar uchun zamin tayyorlaydi. Ba’zi butasimon Lishayniklar esa bug’ularning asosiy ozig’i hisoblanadi. Dorivor (ichni qotiradigan, yumshatadigan, qon bosimini oshiradigan, vitaminli, antibiotikli) Lishayniklar ham bor. Lishayniklardan mikroblarga qarshi dorivor preparatlar ham olingan. Ayrim Lishayniklardan parfyumeriya sanoatida, lakmus va bo’yoq tayyorlashda foydalaniladi. Daraxtlar tanasida o’sadigan po’stloq Lishayniklari zararkunanda hasharotlar uchun pana joy bo’lganligi sababli salbiy ahamiyatga ega.