Listerioz, listerellyoz, nevrellyoz
Listerioz, listerellyoz, nevrellyoz — odam va hayvonlarda uchraydigan yuqumli zooantroponoz kasallik. Qo’zg’atuvchisi Listeria monocytogenes bakteriyasi. Kasallik manbai sichqonsimon kemiruvchilar, bemor va kasal hayvonlar. Odam Listerioz bilan og’rigan hayvonning go’shti, tuxumi, sutini iste’mol qilganida, molxonadagi kanalar chaqqanida zararlanadi, ba’zan nafas yo’llari orqali ham yuqishi mumkin. Listerioz ko’pgina mamlakatlarda sporadik tarzda vaqti-vaqti bilan uchrab turadi. Kasallik diagnozi serologik va bakteriologik tahlil natijalariga asoslanib qo’yiladi. Davo — antibiotiklar. Hayvonlarda kasallik Markaziy nerv sistemasining zararlanishi, bola tashlash, mastit va septik ko’rinishlar bilan kechadi. Kasallik bilan qoramol, qo’y, echki, cho’chqa, ot, quyon, parrandalar kasallanadi. Kasallik o’tkir, yarim o’tkir, ba’zan surunkali tarzda o’tadi. Kasallikning yashirin davri 7-30 kun davom etib, hayvon holsizlanadi, harorati ko’tariladi, yurak faoliyati susayadi, boshini orkega tashlab yoki bo’ynini egib yuradi, bo’yin muskuli tortishadi. Pastki jag’i falajlanib, so’lagi oqadi, ishtahasi yo’qoladi, qaltiraydi, ko’z va og’iz shilliq pardalari zararlanadi, ko’zi ko’rmadi. Qo’ylarda ko’pincha Markaziy nerv sistemasi faoliyatining buzilishi kuzatiladi va kasallikning 3-7-kunlari hayvon o’ladi. Davolash: kasallikning boshlang’ich davrida antibiotiklar (tetrasiklin, terramisin, streptomisin), sulfanilamidlar beriladi. Oldini olish: hayvonlarni alohida saqlash, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish, molxonalardan kemiruvchilarni yo’qotish, nerv sistemasi zararlangan kasal hayvonlarni ajratib, kushxonaga jo’natish, dezinfektsiya va deratizasiya o’tkazishdan iborat.