Logopediya

Logopediya (Logos va Yunoncha Paideia — tarbiyalash, o’qitish) — pedagogika fani tarmog’i; nutqsagi kamchilik (duduqlik, til rivojlanmaganligi, o’qish va yozuvdagi nuqsoni va boshqalar) sabablari, ularning oldini olish, tuzatish yo’llarini hamda nutq faoliyati buzilishi mexanizmlari, alomatlarini maxsus ta’lim va tarbiya vositasida o’rganadi. Nutqdagi nuqsonlarni tuzatish masalalari dastlab 17-asrda Yevropa mamlakatlarida surdopedagogikaga oid ilmiy ishlarda tadqiq etila boshladi. 19-asrning 2-yarmidan bu sohaga mustaqil ravishda, ammo tibbiyot nuqtai nazaridan yondoshiddi. Asta-sekin nutq faoliyatining tabiati haqidagi ilmiy tasavvur kengaya borib, Logopediya yo’nalishi tubdan o’zgardi, pedagogik mazmun birinchi o’ringa qo’yiladigan bo’ldi. 20-asrga kelib Logopediya mustaqil fan sifatida shakllandi, uning maqsad va vazifalari, metodik asos va tamoyillari, boshqa fanlar bilan aloqasi masalalari ishlab chiqildi. Zamonaviy Logopediya maktabgacha yoshdagi bolalar Logopediyasi, maktab yoshidagi bolalar Logopediyasi, o’smirlar va katta yoshdagilar Logopediyasiga bo’linadi. Logopediyaning asosiy maqsadi nutqida nuqsoni bor shaxslarni o’qitish, tarbiyalash va qayta tarbiyalashning ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqish, shuningdek, nutq nuqsonining oldini olishdan iboratdir. Logopediya fan sifatida katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo’lib, u tilning, nutqning ijtimoiy mohiyati, bolaning talaffuzi, leksik-grammatik tuzumi, tafakkuri va butun ruxiy faoliyati uzviy bog’liqligi bilan belgilanadi. Logopediyaning asosiy vazifalari: nutq buzilishining turli shakllarida nutq faoliyati ontogenezini o’rganish; nutq buzilishlarining keng tarqalganligi, kelib chiqish sabablari, mexanizmlari, tuzilishi, alomatlari va darajalarini aniqlash; nutqiy faoliyati buzilgan bolalarning o’z-o’zidan va biror maqsadga qaratilgan rivojlanish dinamikasini, shuningdek, chutkiy zaiflikni ularning shaxs sifatida etishuviga, ruhiy rivojlanishiga, turli ko’rinishdagi faoliyatlarini namoyon qilishga, o’zlarini tutishlariga ta’sirini aniqlash; rivojlanishda turli xil farqlar bo’lgan bolalarda (eshitish, ko’rish, fikrlash qobiliyati hamda tayanch-harakat apparatining buzilishi hollarida) nutqning shakllanishi va buzilishlari xususiyatlarini o’rganish; nutq buzilishlarining pedagogik diagnostikasi metodlarini ishlab chiqish; nutq buzilishlarini tartibga solish; nutq buzilishini bartaraf etish tamoyillari, differentsiyalashgan metod va vositalarini ishlab chiqish; nutq buzilishining oldini olish metodlarini takomillashtirish; logopedik yordamni tashkil etish masalalarini ishlab chiqish. Logopediyaning yuqorida ko’rsatilgan vazifalarida uning nazariy va amaliy yo’nalishlari belgilab berilgan. Logopediya nazariy yo’nalishi nutqdagi buzilishlarni o’rganish, uning sabablarini aniqlash, oldini olish va tuzatishning ilmiy asoslangan metodlarini ishlab chiqish, amaliy yo’nalishi esa ana shu metodlarni tezroq tatbiq etib, mazkur nuqsonlar va ularni keltirib chiqaradigan sabablarni bartaraf etishdan iborat. Logopediyaning nazariy va amaliy vazifalari bir-biri bilan chambarchas bog’liqdir. Ilmiy tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, nutqdagi kamchiliklarning paydo bo’lishi, tabiati, inson ruhiyatiga ta’siri turlicha bo’ladi. Ular bilish jarayonini, atrofdagi kishilar bilan muomalani qiyinlashtiradi. Bu narsa bolaning faoliyatida, yurish-turishida aks etadi. Og’ir nutqiy buzilishlar esa insonning aqliy rivojlanishiga, ayniqsa, oliy bilish faoliyati darajalariga, shaxsning shakllanishiga ta’sir etadi, uning xarakteridagi tortinchoqlik, qat’iyatsizlik, odamovilik, nomukammallik tuyg’usi kabi salbiy xususiyatlarni keltirib chiqaradi. Logopediyaning ahamiyati esa bolaning nutqidagi nuqsonlarni bartaraf etib, uning har tomonlama barkamol rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Logopediya nutq buzilishini o’rganish va tuzatishda nutq bilan fikrning o’zaro bog’liqligi haqidagi, bola rivojlanishida umumiy va maxsus qonuniyatlarning o’zaro munosabati to’g’risidagi nazariy qoidalarga, nutqva faoliyatning hamohang rivojlanishi hamda ruhiy kamolotga erishishning harakatlantiruvchi kuchlari haqidagi nazariyaga tayanadi. Logopediya umumiy anatomiya va fiziologiya, nutq mexanizmlari, nutq jarayonining bosh miyada sodir bo’lishi haqidagi, nutq faoliyatida ishtirok etadigan analizator- larning tuzilishi va harakatga kelishi to’g’risidagi bilimlardan foydalanadi. Nutqdagi nuqsonlarning alomatlarini, ularning etiologiyasi, mexanizmlari, nutq faoliyati buzilishi tarkibida nutqiy alomat bilan nutqsiz alomatning munosabatini bilish uchun Logopediya boshqa fanlar bilan hamkorlikda ish yuritadi. Jumladan, u tilshunoslik, otorinolaringologiya, psixolingvistika, umumiy va maxsus psixologiya, psixodiagnostika, nevropatologiya, psixopatologiya, oligofreniya klinikasi, pediatriya bilan uzviy aloqada ishlaydi. Masalan, nutq va eshitish a’zolarining patologiyasi nutqdagi buzilish etiologiyasini aniqlashdan tashqari tibbiy ta’sir vositasida bo’ladigan logopedik ishlarni to’g’ri qo’shib olib borish uchun ham imkon beradi. O’zbekistonda yordamchi maktablar, bolalar poliklinikalari, bolalar bog’chalari va boshqa muassasalarda logopedik yordam ko’rsatiladi. Bundan tashqari, nutqi zaif bolalar uchun alohida bog’chalar, maxsus maktablar mavjud. O’zbekistonda logoped o’qituvchilar Toshkent pedagogika universitetida tayyorlanadi. Ilmiy tadqiqot ishlari Toshkent pedagogika universitetining defektologiya kafedrasi va ayrim tibbiyot muassasalarida olib boriladi. Lola Mo’minova.