Lo’lilar, Jo’gilar
Lo’lilar, Jo’gilar — ko’chmanchi xalq. Jahondagi barcha mamlakatlarda tarqoq holda yashaydi. Lo’lilarning, asosan, 2 guruhi: Yevropa Lo’lilari va O’rta Osiyo Lo’lilari bor. O’zbekistonda Lo’lilar, Tojikistonda Jo’gilar, Armanistonda bosha, Angliyada misrlik, Eronda qoracha, Frantsiyada Fir’avn qabilasi, Finlyandiyada qora, Rossiyada tsigan va boshqa nomlar bilan atalgan. Lo’lilarning asl vatani, qachon va qanday qilib jahonga tarqalganligi fanda uzoq vaqt jumboq bo’lib keldi. 19-asrda nemis tilshunosi A. A. Pott, F. Mikloshich Lo’lilar tilining hind tili bilan qardosh til ekanligini aniqladi. Shuningdek, Eronda Lo’lilarning Karachi, O’zbekistonning ayrim rayonlarida mo’ltoni deb atalishi Pokistondagi Karochi va Mo’lton shaharlari nomi bilan bog’liq. O’rta Osiyo Lo’lilarining ayrim guruhlari jo’gi (hindcha kambag’al, qashshoq), Hindistoniy, bo’lujiy deb atalishi ham Lo’lilarning asl vatani Hindiston bo’lganligini tasdiqlaydi. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Lo’lilarning dastlabki guruhlari milodning boshlarida, 5-7-asrlar va keyingi davrlarda shimoliy Hindistondan tarqala boshlagan. Lo’lilarning ayrim guruhlari Hindistondan — Belujiston — Afg’oniston —Eron — Kavkaz — Turkiya — Yunoniston orqali, ikkinchi yo’l Hindiston — Eron — O’rta Osiyo orqali bo’lgan. Yevropa lo’lilari (o’zlarini Roma deb ataydilar). Tili hind tillari bilan bogliq bo’lib, shimol va Janub shevalarga bo’linadi, shuningdek, o’zlari yashaydigan mamlakat xalqi tilida ham so’zlashadi. Dindorlari rasman pravoslav diniga e’tiqod qiladi (ularda hind mifologiyasi bilan bog’liq diniy tasavvurlar ham kuchli). Lo’lilarning Yevropaga kelgani haqidagi dastlabki ma’lumot 1100 yilga oid. 1417 yil Vengriya, 1418 yil Germaniya, 1422 yil Ispaniya, Italiya, 1430 yil Angliya va Boltiq bo’ylari, 1500 yil Polsha va boshqa mamlakatlarga tarqaladi. Rossiyaga Ruminiya orqali kelishgan. Ular 15-asrda Bessarabiya, 16-asrda Belorussiya, 17-asrda Ukraina, Rossiyaning Janub rayonlariga tarqalgan (Lo’lilar Angliyada gupies, Turkiyada chingine, Portugaliyada chidan, Italiyada zingali deb ataladi). Lo’lilar hayot kechirish tarziga ko’ra, o’troq va ko’chmanchilarga bo’lingan. O’troq Lo’lilar shahar chekkalarida yashab, hunarmandlik bilan mashg’ul bo’lgan. Ko’chmanchi Lo’lilar tilanchilik, folbinlik, ot savdosi va boshqalar bilan tirikchilik o’tkazgan. Lo’lilar qabila va qabila (ayrim hollarda bir tuda qarindoshlar) Ittifoqi — taborga uyushib, tabor tepasida saylab qo’yiladigan boshliq tur O’rta Osiyo lo’lilari (o’zlarini mugat, tub aholi ularni lo’li, jo’gi, mazang deb ataydi). Qadimdan Samarqand, Buxoro, Toshkent, Farg’ona, Qo’qon, qarshi kabi shaharlar atrofi va ularga tutash qishloqlarda yashab keladi. Lo’lilar o’zbek va tojik tillarida so’zlashadi, ammo tojik tili ularning turmushida asosiy hisoblanadi. (O’rta Osiyo Lo’lilari lavzi mug’at yoki Arabcha deb ataladigan o’zlarining maxsus so’zlashuv tiliga ham ega). Lo’lishunos X. Nazarov o’lkamizga Lo’lilarning kirib kelishini 3 guruhga bo’ladi. Birinchi guruhi — mahalliy Lo’lilar (mug’ati tub joyi) — ancha oldin kelgan; ikkinchi guruh — afgon Lo’lilari (jo’gi, afgani); uchinchi guruh esa — hind Lo’lilari (mo’g’ati hindu) bo’lib, bular ancha keyin kelgan. Olim Lo’lilarni yana o’z navbatida 3 ta etnografik guruhga bo’ladi: 1) asosan, ko’chmanchilik qilib xayr-sadaqa yig’ib, kun ko’rishadigan, folbinlik, tabiblik, zargarlik qiluvchi Lo’lilar; 2) tovoqtarosh, ular yarim o’troqhayot kechirishadi, asosan, yog’ochga ishlov berish bilan shug’ullanishadi, xususan, yog’ochdan beshik, tovoq, qoshiq, cho’mich yasashadi. Qadimda ular yasagan yog’och tovoqlarga ehtiyoj katta bo’lgan, shu tufayli ularni tovoqtarosh deb atashgan; 3) mazang, o’troq Lo’lilar (Jo’gilar), asosan, mayda savdogarlik bilan, shuningdek, dehqonchilik bilan shug’ullanishgan. Lo’lilarning erkaklari ot urchitish, ovchilik, temirchilik, metall eritish, savat to’kish, g’alvir, elak kabi buyumlar yasash, hamda ayiq, maymun, ilon urchitish bilan shug’ullanishgan. Ayollari esa tilanchilik, folbinlik qilishgan. Lo’lilarning qon-qarindoshlik guruhi (to’p, To’por)ga oqsoqol rahbarlik qilgan. To’p, To’por shu oqsoqol nomi bilan ham atalgan. Katta patriarxal oilaga esa ota bosh bo’lgan. O’rta Osiyo lo’lilari dinga befarq qaraydilar va rasmangina Islom diniga kirganlar. Ularda jin, pari, alvasti, ziyon-zahmat haqidagi tasavvurlar juda kuchli. O’troq hayot kechirayotgan Lo’lilar o’z atrofidagi mahalliy xalqlar ta’sirida ularning ayrim diniy odatlarini bajaradilar. Lo’lilarda qadimdan endogam (ichki) nikoh hukmron. Lo’lilar kiyinishda, asosan, yerli aholidan farq qilmaslikka harakat qilishadi, erkaklari chopon (to’n), etik, telpak, ba’zan boshlariga durra o’rab yurishadi. Xotinlari yerli aholidek kiyinsada, lekin ro’mol o’rashlari faqat Lo’lilarga xos. Lo’lilarning erkaklari ham, ayollari ham, asosan, kora va ko’k ranglarni xush ko’rishadi. Uylari ilgari pasttakkina bo’lib, usti qamish bilan yopilgan. Keyingi yillarda Lo’lilar o’rtasida san’atga ishtiyok kuchaydi, «Jo’gi» qo’shiq dastalari xalq tantanalarida (to’y, bazmlarda) xizmat qilmoqda. Lo’lilar asrlar davomida hamma yerda muttasil quvg’inda bo’lgan, och-yalang’och kun ko’rgan. 1920-yillardan keyin Lo’lilarni o’troq madaniy hayotga ko’chirish, ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish ishiga alohida ahamiyat berildi. Lo’lilar hozirgi davrda jamoa xo’jaliklari, shirkatlar, sanoat korxonalarida ham ishlamoqdalar. Lo’li bolalarining hammasi maktabga jalb qilingan. Lo’li yoshlari o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida ta’lim olmoqdalar. Ochil Bo’riyev, Sayfullo Tursunov.