Longfello (Longfellow) Genri Uodsuort

Longfello (Longfellow) Genri Uodsuort (1807.17.2, Portlend, Men shtati — 1882.24.3, Kembrij, Massachusets shtati) — amerikalik shoir, tarjimon. Advokat oilasida tug’ilgan. 1836-54 yillarda Garvard universitetining Yevropa adabiyotlari va tillari bo’yicha professor. «Qullik haqida qo’shiqlar» (1842) qoratanlilarni qulliqdan ozod qilish harakati ta’siri ostida yaratilgan. «Ko’chmanchi qushlar» to’plamida (1858) erksizlikni qoralab, ozodlikni madh etgan. Milliy bo’yoklarga boy «Evanjelina» (1847), «Maylz Stendishning unashtirilishi» (1858) kabi epik dostonlar muallifi. Longfello ijodida indeyslarning mashhur afsonalari asosida yozilgan «Gayavati haqida qo’shiq» dostoni (1855) mashhur (bu qahramonlik eposi o’zbek tiliga ham tarjima qilingan). 1863 yilda J. Bokkachcho va J. Choser uslublarida «yo’l bo’yidagi mehmonxona hikoyalari» to’plamini yaratgan. Longfello Yevropa adabiyotlarining tarjimoni sifatida ham tanilgan. 1846 yilda «Yevropa shoirlari va she’riyati» to’plamini nashr ettirdi. Bu to’plamga amerikalik shoirlar, jumladan, Longfelloning o’zi ham tarjima qilgan 400 dan ortiq asar kiritilgan. 1876— 79 yillarda 31 jilddan iborat «Turli o’lkalarning she’rlari»ni nashr qildirdi. Ushbu to’plamning 20-jildi chor Rossiyasi xalqlari adabiyotlariga bag’ishlangan.