Lonjeron

Lonjeron (Fransuzcha longeron, longer — bo’ylama yurish) — muhandislik inshootlari, uchish va harakatlanish qurilmalari (ko’priklar, samolyotlar, avtomobillar, vagonlar, kemalar va boshqalar) ning asosiy kuch tushadigan qismi. Konstruktsiyasining uzunligi bo’yicha (bo’ylamasiga) joylashadi. Masalan, uchish apparatida — samolyot qanoti, fyuzelyajidagi va vertolyotning ko’taruvchi vinti parragidagi Lonjeron (ko’ndalang to’sin) konstruktsiyaga mustahkamlik, bikrlik beradi; avtomobilda — Lonjeron avtomobil ramalarining bo’ylama to’sini; unga dvigatel, yurish qismi, Kuzov, bamper (bufer) lar va boshqalar mahkamlanadi. Lonjeron tavrsimon, qutisimon, shvellersimon va quvursimon kesimli bo’ladi.