Los-Anjeles

Los-Anjeles — AQShning Janubiy-g’arbiy qismidagi shahar, Kaliforniya shtatida. Aholisi 3,6 million kishi (2000, shahar atrofi bilan 7 milliondan ortiq). Shimoldan janubga tomon 80 kilometrga cho’zilgan. Mamlakat g’arbidagi asosiy iqtisodiy, yetakchi sanoat va ilmiy markazlardan biri. Tinch okean sohilidagi ikkinchi muhim port (yillik yuk ortib-tushirish 25 million tonna). Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning yirik aviaraketa sanoati markazi. Kosmik apparatlar ishlab chiqariladi. Radioelektronika (jumladan, EHM va asosan, harbiy maqsadlar uchun jihozlar ishlab chiqarish), priborsozlik, metallsozlik, avtomobilsozlik, kemasozlik sanoati korxonalari bor. Neftni qayta ishlash, metallurgiya, kimyo, poligrafiya, tikuvchilik, mebel, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Neft olinadi (sohilbo’yi qismida). Kinosanoat va videobiznesning asosiy markazi (gollivud). Dengiz buyi iqlim kurorti. Turizm rivojlangan. 3 universitet (jumladan, Kaliforniya universiteti fakultetlari, Jan. Kaliforniya universiteti) va boshqa o’quv muassasalari bor. Shaharga 1781 yil ispanlar tomonidan Yangi Ispaniya vise-qirolligi tarkibidagi Meksika hududida asos solingan. Meksika mustaqillikka erishgach, Meksika davlati tarkibiga kirdi. Amerika—Meksika urushi davrida (1846-48) AQSh tomonidan egallab olindi. Shahar qat’iy reja asosida qurilgan. Zamonaviy me’moriy yodgorliklardan Benning-Xaus (1911), Doj-Xaus (1916), badiiy galereya, cherkov va boshqa binolar, muzeylar, rasadxona bor. Harbiy dengiz bazasi. Los-Anjelesda 1932 yilda 10-Olimpiya, 1984 yilda 13-Olimpiya o’yinlari bo’lib o’tgan.