Lut

Lut — Qur’onda nomi zikr etilgan payg’ambarlardan biri. Harron shahri (Mesopotamiya)da tavallud topib, Ibrohim (as) bilan birga Falastinga borgan. Sadum, Amura va uning atroflaridagi yerlarda chorvachilik bilan shug’ullangan. Payg’ambarlik darajasiga yetishgach, odamlarga pand-nasihat qiladi, Allohning birligiga imon keltirishga chaqiradi. Biroq axloqi buzuq sadum aholisi bachchavozlik odatini tark etmay, uning o’zini bu yurtdan haydab chiqarmoqchi bo’ladi. Farishtalar unga oilasi va imonli kishilar bilan birga (xotinidan tashqari, chunki xotini Allohning g’azabiga uchragan) shahardan chiqib ketishni buyurganligi rivoyat qilinadi. Qur’onning «Hijr» surasida Lut ma’lum masofaga etib olgach, shahar ostin-ustun qilib yuborilgani, qavm ustiga sopol tosh yog’dirilgani bayon etilgan. Hozir bu dinsiz qavm yashagan shahar o’rnida dengiz mavjud bo’lib, u «o’lik dengiz» deb nomlanadi. Lut payg’ambar nomi Bibliyada «lot» shaklida kelgan bo’lib, undagi qissa Qur’ondagi xabardan ba’zi jihatlari bilan farq qiladi.