Lyupin (Lupinus), Lupin, bo’ri dukkagi

Lyupin (Lupinus), Lupin, bo’ri dukkagi — dukkakdoshlar oilasiga mansub bir yillik va ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi, yem-xashak, siderat va manzarali ekin. Shimol va Janub yarim sharning mo’tadil poyaslarida 100 ga yaqin (ayrim ma’lumotlarga ko’ra, 200 dan ortiq) turi o’sadi. Dehqonchilikda 10 dan ortiq turi ma’lum. Lyupin ning vatani — O’rta yer dengizi sohillari va shimoliy Amerika. 4 turi — bir yillik turlaridan — ingichka bargli yoki Kuk Lyupin (Lyupin angustifolius), sariq Lyupin (Lyupin luteus), oq Lyupin (Lyupin albus), shuningdek, ko’p yillik turidan serbarg Lyupin (Lyupin polyphyllus) ekiladi. Bu turlar barg shakli, gullarining rangi va katta-kichikligi hamda urug’larining mayda yoki yirikligi bilan bir-biridan farq qiladi. Ingichka bargli Lyupin Yevropaning shimoliy mintaqalarida, sariq va oq Lyupin Markaziy Rossiyada, tukli Lyupin (Lyupin pilosus) Gruziyada ekiladi. O’zbekistonda kollektsiya ekinzorlarida o’stiriladi. Ildizi o’qildiz. Poyasi utsimon, shoxlanadi, balandligi 1,5 metrgacha boradi. Bargi panjasimon, yirik, bandli. To’pguli shingil. Sariq Lyupin guli xushbo’y. Turlariga qarab gulining rangi har xil. Mevasi ko’p urug’li dukkak. O’suv davri 80-155 kun. Issiqlikka talabchan. Ingichka bargli. Lyupin maysasi -6° sovuqqa chidamli. Hamma turlari namsevar, uzun kunli. Shonalash davrida tez o’sadi. Lyupin doni tarkibida, turlariga qarab, 30— 40% oqsil va 5-20% yog’, A, V, S, vitaminlari, bargida, poyasida va donida 1-2% zaharli alkaloidlar (lyupinin, lyupinidin, spartein, lyupanin) bor. Lyupinning Alka loidi kam bo’lgan ozuqabop navlari 20-asrning 30-yillarida yaratilgan. Kishilar qadimdan (miloddan 2000 yil oldin) Lyupindan foydalanib keladilar. Dastlabki davrda Lyupin ovqatga ishlatiladigan va mollarga beriladigan doni uchun ekilgan. Keyinchalik undan ko’kat o’g’it tarzida foydalanilgan. Bir yillik Lyupin ko’kat uchun oddiy qatorlab, urug’olish uchun keng qatorlab (qator orasi 45 santimetr) ekiladi. Hosildorligi ko’kpoya bo’yicha 100-120 t/ga, doni bo’yicha 34— 35s/ga. Ko’p yillik va bir yillik Lyupinning ayrRim navlari manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Halima Otaboeva.