Madaniyat

Madaniyat — jamiyat, inson ijodiy kuch va qobiliyatlari tarixiy taraqqiyotining muayyan darajasi. Kishilar hayoti va faoliyatining turli ko’rinishlarida, shuningdek, ular yaratadigan moddiy va ma’naviy boyliklarda ifodalanadi. «Madaniyat» tushunchasi muayyan tarixiy davr (antik Madaniyat), konkret jamiyat, elat va millat (o’zbek Madaniyati), shuningdek, inson faoliyati yoki turmushining o’ziga xos sohalari (masalan, mehnat Madaniyati, badiiy Madaniyat, turmush Madaniyati)ni izoxlash uchun qo’llaniladi. Tor ma’noda «Madaniyat» atamasi kishilarning faqat ma’naviy hayoti sohasiga nisbatan ishlatiladi. «Madaniyat» arabcha Madina (shahar) so’zidan kelib chiqqan. Arablar kishilar hayotini ikki turga: birini badaviy yoki sahroiy turmush; ikkinchisini madaniy turmush deb ataganlar. Badaviylik — ko’chmanchi holda dashtu sahrolarda yashovchi xalqlarga, madaniylik — shaharda o’troq holda yashab, o’ziga xos turmush tarziga ega bo’lgan xalqlarga nisbatan ishlatilgan. O’rta asr madaniyatining buyuk namoyandalari Abu Ali ibn Sino, Beruniy va boshqa shahar turmush tarzini jamoaning yetuklik shakli sifatida talqin qilganlar. Masalan, Forobiy fikricha, har bir inson o’z tabiatiga ko’ra, «oliy darajadagi yetuklikka erishish uchun intiladi», bunday yetuklikka faqat shahar jamoasi orqaligina erishiladi. Uning ta’kidlashicha, «madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki mamlakat) shunday bo’ladiki, bu mamlakatda har bir odam kasb-hunarda ozod, hamma bab-baravardir, kishilar o’rtasida farq bo’lmaydi, har kim o’zi istagan yoki tanlagan kasb-hunar bilan shug’ullanadi. Odamlar chin ma’nosi bilan ozod yashaydilar». Alisher Navoiy yetuk axloq, ma’rifatli va adolatli jamiyat, jamoa masalasini qayd etish bilan birga, ma’naviy yuksaklikka erishishning asosiy mezoni deb insonparvarlik g’oyalariga muvofiqlikni tushundi. 19-asrning ikkinchi yarmida maydonga kelgan demokratik-ma’rifatparvarlik harakatining namoyandalari Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Ahmad Donish, Avaz O’tar, Komil Xorazmiy va boshqa xalqni Madaniyatli qilishning omili ilmma’rifatni egallashda deb bildilar. Ular o’rta asr jaholatiga qarshi xalq o’rtasida ilm-maorif va Madaniyatni zo’r ehtiros bilan targ’ib qildilar. Masalan, Furqat fikricha, ilm-fan bir mash’al bo’lib, insoniyatning baxt-saodat yo’lini yoritib turishi kerak. 19-asrning oxiri va 20-asrning boshida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakati namoyandalari, Munavvarqori Abdurashidxon o’g’li, Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va boshqalar o’zlarining ma’rifatparvarlik ishlari bilan Madaniyat rivojiga muhim hissa qo’shdilar. Ular turli gazeta va jurnallar chiqardilar, nashriyot va Bosmaxonalar tashkil etdilar, kutubxonalar, teatrlar, yangicha maktablar ochdilar, o’tmish madaniyatimizni, tariximizni targ’ib qildilar, dunyoviy bilimlarni chuqur egallashga da’vat etdilar. Ma’rifatchilikning keng quloch yoyishi samarasi o’laroq, xalqning umummadaniyati yuksala bordi. Yevropada «Madaniyat» deyilganda dastlab insonning tabiatga ko’rsatadigan maqsadga muvofiq ta’siri, shuningdek, insonga ta’lim-tarbiya berish tushunilgan (lotincha cultura — yerni ishlash, parvarishlash; ruschadagi «kultura» so’zi ham shundan olingan). Madaniyat faqat mavjud norma va urf-odatlarga rioya qilish qobiliyatini rivojlantirishni emas, balki ularga rioya qilish istagini rag’batlantirishni ham o’z ichiga olgan. Madaniyatga bunday ikki yoqlama yondashuv har qanday jamiyatga xos (masalan, qadimgi Xitoyda Jen, Hindistonda dxarma). Ellinlar «madaniyatsiz» varvarlardan o’zlarining asosiy farqini «paydey», ya’ni «tarbiyalanganlik»da deb bilganlar. Qadimgi Rimning so’nggi davrlarida «Madaniyat» tushunchasi ijtimoiy hayotning shahar turmush tarzini ifodalovchi mazmunlar bilan ham boyigan va o’rta asrlarga kelib keng tarqalgan. Bu tushuncha keyinchalik kelib chiqqan tsivilizatsiya tushunchasiga yaqin turadi. Yevropada ma’rifatchilik davrida Madaniyat va tsivilizasiyaning «tanqidi» vujudga keldi (J.J.Russo). Bunda «madaniy» millatlarning buzilganligi va axloqiy tubanlashganligiga taraqqiyotning patriarxal bosqichida bo’lgan xalqlar axloqining soddaligi va sofligi qarshi qo’yildi. Nemis faylasuflari bu ziddiyatli holatdan chiqishning yo’lini «ruh» doirasidan, axloqiy (I. Kant), estetik (F. Shiller, romantiklar) yoki falsafiy (G. Gegel) ong doirasidan qidirdilar. Ular bu ong sohalarini haqiqiy Madaniyat va inson taraqqiyotining omillari deb bildilar. 19-asr oxiridan boshlab «lokal tsivilizasiya» (O. Shpengler) degan qarash yuzaga keldi. Bu g’oya tsivilizatsiyani muayyan jamiyat taraqqiyotining so’nggi bosqichi sifatida olib qaradi. Fan-texnika taraqqiy topgan sharoitda ko’pgina sosiologlar va madaniyatshunoslar Madaniyatning yagona g’oyasini izchil amalga oshirish mumkin emas, degan qoidani ilgari surdilar. Bu polisentrizm, G’arb bilan Sharqning azaldan qarama-qarshiligi va ijtimoiy taraqqiyotning boshqa umumiy qonuniyatlarini inkor etuvchi nazariyalarida o’z ifodasini topdi. Madaniyatning ilmiy, tarixiy kontsepsiyalariga qarama-qarshi o’laroq, marksistik nazariya ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar haqidagi, ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlarining o’zaro munosabati haqidagi qoidalardan kelib chiqib, antagonistik jamiyatlarda Madaniyatning sinfiy xarakteri haqidagi qoidalarni ilgari surdi. Antagonistik formatsiyalarda har bir milliy Madaniyatda ikki Madaniyat borligi haqidagi lenincha qarash «hukmron ekspluatatorlik» Madaniyatiga «Progressiv demokratik» va «sotsialistik» Madaniyat elementlarini qarama-qarshi qo’ydi. Ana shu qoidadan kelib chiqib, mustabid sovet tuzumi davrida amalga oshirilgan «madaniy inqilob» natijasida ko’pgina xalqlar Madaniyatining ajoyib durdonalari yo’q qilinib, madaniy merosning milliy ildizlari barbod etildi. Madaniyat — umuminsoniy hodisa, faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning o’zigina yaratgan sof Madaniyat bo’lmaydi va bo’lishi ham mumkin emas. Har bir milliy Madaniyatning asosiy qismini shu millat o’zi yaratgan bo’lsada, unda jahon xalqlari yaratgan umuminsoniy Madaniyatning ulushi va ta’siri bo’ladi, albatta. Madaniyat hech qachon sinfiy hodisa bo’la olmaydi. U barchaga baravar xizmat qiladi. Masalan, san’at va adabiyot durdonalari, me’morlik obidalari, maqomlar, fan yutuqlari va boshqalar barchaga tegishlidir. Madaniyat kishilar faoliyatining faqat moddiy natijalari (mashinalar, texnik inshootlar, san’at asarlari, huquq, axloq normalari va hokazolar)ni emas, shu bilan birga, kishilarning mehnat jarayonida voqe bo’ladigan sub’yektiv kuch-quvvatlari va qobiliyatlari (bilim va ko’nikmalari, ishlab chiqarish va professional malakalari, intellektual, estetik va axloqiy kamoloti, dunyoqarashi, ularning jamoa va jamiyat doirasidagi o’zaro muomalalari)ni ham o’z ichiga oladi. Ishlab chiqarishning 2 asosiy turi — moddiy va ma’naviy ishlab chiqarishga qarab Madaniyat moddiy va ma’naviy Madaniyatga bo’linadi. Moddiy Madaniyat moddiy faoliyatning barcha sohalarini hamda uning natijalari (mehnat qurollari, turar joy, kundalik turmush buyumlari, kiyim-kechak, transport, aloqa vositalari va boshqalar)ni o’z ichiga oladi. Ma’naviy madaniyatga ong, ma’naviyat sohalari kiradi (bilim, axloq, ta’lim-tarbiya, huquq, falsafa, etika, estetika, fan, san’at, adabiyot, mifologiya, din va boshqalar). Har bir jamiyat o’z Madaniyat tipiga ega. Jamiyatlarning almashinishi bilan Madaniyat tipi ham o’zgaradi, biroq bu hol Madaniyat taraqqiyoti uzilib qolganini, eski Madaniyat yo’q bo’lib madaniy meros, o’tmish qadriyatlardan voz kechilganini anglatmaydi. Zotan, har bir yangi jamiyat o’zidan ilgarigi jamiyatning madaniy yutuklarini zaruriy ravishda meros qilib oladi va ularni ijtimoiy munosabatlarning yangi tizimiga kiritadi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida bo’lganidek, Madaniyat sohasida ham tub o’zgarishlar yuz berdi. Shaklan ham, mazmunan ham Madaniyatning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. O’zbekistonning mustaqil rivojlanishga utishi milliy Madaniyatga sinfiy yondashishdan, uni sun’iy tarzda «yagona umummadaniyat»ga aylanishdan saqlab qoldi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, mustaqillikkacha bo’lgan so’nggi yetmish yil davomida Madaniyat hukmron mafkura, mustabid tuzum tazyiqida G’arb Madaniyatiga taqlid ruhida rivojlandi. Ikkinchidan, milliy Madaniyatning boy o’tmishi bir yoqlama o’rganilib, uning ko’pgina bebaho durdonalaridan xalqimiz bebahra bo’lib keldi. O’zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida jamiyatni yangilash sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda Madaniyatni yuksaltirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo’lish, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimizni, tarixiy, ilmiy, madaniy merosimizni tiklash davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. «Davlat tili to’g’risida»gi (1989 yil 21 oktabr) qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997 yil 29 avgust)ning qabul qilinishi, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi (1997 yil), O’zbekiston davlat konservatoriyasi (2002 yil), O’zbek milliy akademik drama teatri (2002 yil), estrada musiqasini rivojlantirish to’g’risidagi va boshqalar bir qancha qaror va farmonlarning qabul qilinishi, bir qancha mutafakkir va allomalarimizning muqaddas nomlari tiklanib, yubileylari xalqaro miqyosda keng nishonlanayotgani davlatimiz tomonidan Madaniyatni rivojlantirishga ko’rsatilayotgan g’amxo’rlikning amaliy ifodasidir. Ad.: Karimov I. A., O’zbekiston: milliy istiklol, iqtisod, siyosat, mafkura, 1-j., T., 1996; ma’naviy yuksalish yo’lida, T.,1998; Xayrullayev M. M., Shorahmedov D.A., Madaniyat va meros. T., 1973. Davron Shorahmedov.