MADEYRA

MADEYRA — Atlantika okeanidagi vulkan orollari guruhi, Afrikaning shimoliy-g’arbiy qirg’oqlari yaqinida joylashgan. Portugaliya hududi. Maydoni 797 kilometr kvadrat. Eng yirik oroli — Madeyra (eng baland joyi 1861 metr, Piku-Ruyvu vulkani). Iqlimi O’rta dengiz atrofiga xos, okean iqlimi. Yiliga o’rtacha 740 millimetr yog’in tushadi. O’rta dengiz bo’yi o’simliklari (makvis, subtropik savanna, tog’larda lavr o’rmonlari) o’sadi. Aholi tropik dehqonchilik bilan shug’ullanadi. Uzum, shakarqamish, banan yetishtiriladi, vinochilik rivojlangan. Qishki kurortlar bor. Asosiy shahri va porti — Funshal.