Madrigal
Madrigal (lotincha matricale — ona tilida aytiladigan qo’shiq) — Uyg’onish davrida dunyoviy vokal musiqaning asosiy janri. Italiya (14-asr) da she’riy asar sifatida paydo bo’lgan. 14— 16-asrlarda Madrigal, odatda, ishqiy, hazil-mutoyiba, afsonaviy va boshqa mavzudagi 2-3 ovozli vokal-cholg’u, bandnaqorat shaklidagi qo’shiq bo’lib (F. Landino va boshqalar), 16-asrdan ko’proq lirik xarakterdagi cholg’ular jo’rligisiz ijro etiladigan 4-5 ovozli polifonik musiqa asariga aylangan (A. Villart, Palestrina, O. Lasso va b.). Keyinchalik Angliya (T. Morli, J. Uilbi) va Germaniya (G. Shyus va boshqalar)da ommalashgan. Yetuk namunalariga (K. Jezualdo, K. Monteverdi) hissiy-ifoda erkinligi, boy musiqiy-tasviriy vositalar, xilma-xil ohanglar yorqinligi xosdir. 17-asrdan boshlab, Madrigal, asosan, ayollarga bag’ishlangan kichik maqtov-she’riy asar. 1964 yil Moskvada «Madrigal» ansambli tashkil etilgan (O’zbekistonda ham gastrolda bo’lgan), Buyuk Britaniyada «Madrigal jamiyati» tuzilgan. 20-asrda I. Stravinskiy, B. Martinu, P. Xindemit va boshqa kompozitorlarning asarlarida Madrigal an’analari tiklangan.