Magadan viloyati

Magadan viloyati — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. Uzoq Sharq iqtisodiy rayoniga kiradi. 1953 yil 3 dekabrda tashkil etilgan. Rossiya Federatsiyasining chekka shimoliy-Sharqiy qismida. Maydoni 461,4 ming km2. Aholisi 232,8 ming kishi (2000). Asosan, ruslar, shuningdek, ukrain, belorus, tatar, evenk va boshqalar ham yashaydi. 8 tumanga bo’lingan; 2 shahar, 28 shaharcha bor. Markazi Magadan shahri. Magadan viloyati Sharqiy Sibir, Chukotka, Bering va Oxota dengizlari bilan o’ralgan. Viloyatning ko’p qismini Kolima tog’lari egallagan. Penjina qo’ltiqchasidan Anadir qo’ltig’igacha keng Anadir pasttekisligi joylashgan. Asosiy foydali qazilmalari: oltin, qalay, volfram. Toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir konlari bor. Iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq, yozi salqin. Iyulning o’rtacha temperaturasi Oxota dengizi sohillarida 1 g— 12°, shimoliy Muz okeani sohillarida 3°— 6°, yanvarniki Oxota dengizi sohillarida -19° dan -23° gacha, shimoliy Muz okeani sohillarida -24° dan -28° gacha. Magadan viloyatining ichki qismlarida iyulning o’rtacha temperaturasi 14°-16°, yanvarniki -38°. Yiliga 300-350 mm, Oxota va bering dengizlari sohillarida 500-700 mm, yog’in tushadi. Oxota dengizi sohillaridan boshqa hamma joylar zamini muzlab yotadi. Vegetatsiya davri 100-105 kun. Yirik daryolari: Kolima va Anadir. Tuproklari podzolli tog’-o’rmon va tog’-tundra tuproklari. Magadan viloyati tundra, o’rmonli tundra va taygada joylashgan. Dauriya tilog’ochi, yer bag’irlab o’sadigan kedr ko’p. Tiyin, oqtovushqon, qutb tulkisi, tulki, oq ayiq, qo’ng’ir ayiq, rosomaxa, latcha, shimol bug’usi, Los, qushlardan kaklik, o’rdak, g’oz bor. Daryolarda baliq, dengizlarda kit, morj, tyulen yashaydi. Mashinasozlik, metallsozlik, baliq sanoati rivojlangan. Arkagala GRES, Kolima GES bor. Sut-go’sht chorvachiligi, darrandachilik, mo’ynachilik bilan shug’ullaniladi. Viloyat hududiy Magadan qo’riqxonasi, Talaya kurorti bor.