Magnit xaritalari

Magnit xaritalari — yer kurrasining yer magnit maydon kuchlanganligini va uning tashkil etuvchilari taqsimlanishini izochiziqlar yordamida tasvirlangan xaritalari. Bulardan Dunyo Magnit xaritalari va anomal magnit maydoni xaritalari eng ko’p tarqalgan. Dunyo Magnit xaritalari Yer yadrosi elektr o’tkazuvchan moddasining harakati tufayli hosil bo’lgan Bosh yer magnit maydoni (normal maydon)ning asosiy tarkibiy xususiyatlarini tasvirlaydi. Bosh Yer magnit maydoni o’ziga xos tuzilmasining o’lchamlari qit’alar o’lchamiga yaqin bo’lgani uchun, dunyo Magnit xaritalarining masshtabi, asosan, 1:10 000 000 va undan maydaroq bo’ladi. Dunyo Magnit xaritalarida yer po’sti tuzilishining xilma-xilligi, ma’dan konlarining joylashishi va boshqa mahalliy omillar ta’siridan kelib chiqadigan magnit milining og’ishi tuzatib beriladi. Anomal magnit maydoni xaritalari Yer magnit maydonining Bosh yer magnit maydonidan mahalliy og’ishini tasvirlaydi. Bunday og’ishlar, odatda, chiziqli o’lchamlari o’nlab kilometr va undan kichik maydonlarda kuzatiladi. Shuning uchun ular nisbatan yirik masshtabga (1:200 000 atrofida) ega; bu xaritalar, odatda, aeromagnit suratga olish materiallari asosida tuziladi. Yer magnit maydonining ko’rsatkichlari o’zgarib turishi sababli, Magnit xaritalari eskiradi, shuning uchun ular har 5-10 yilda qayta yangilanib turiladi.