Mahalliy o’g’itlar

Mahalliy o’g’itlar — bevosita xo’jaliklarning o’zidan chiqadigan o’g’itlar. Ularga go’ng, go’ng shaltog’i, ko’pgina organik moddalar, jumladan, o’simlik qoldiqlari, xo’jalik chiqindilari va boshqalardan tayyorlangan turli kompostlar kiradi. Mahalliy o’g’itlar tuproqning fizik-kimyoviy va biologik xossasini yaxshilaydi. Uning suv shimishini, fosfatlarning eruvchanligini oshiradi, suvda eriydigan tuzlar migratsiyasini kamaytiradi, oziq elementlarini yuvilishdan saqlaydi, Mahalliy o’g’itlar mineral o’g’itlar bilan birga qo’llanganda o’simlik suv va oziq elementlarini yaxshi o’zlashtiradi. Mahalliy o’g’itlar tarkibida o’simlik uchun zarur oziq elementlar (azot, fosfor, kaliy) va barcha mikroelementlar bor. Mahalliy o’g’itlar kuzgi shudgorlashda asosiy o’g’itlar sifatida go’ng sepgich mashinada gektariga 20-40 tonna solinadi.