Malik Nabiyev (1913-1992)
Nabiyev Malik Nabiyevich (1913.18.1 — Toshkent — 1992.10.1) — kimyogar olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1956), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1963), texnika fanlari doktori (1955), professor (1956).
Ivanovo kimyo-texnologiya institutini tugatgan (1935). Donbassdagi Gorlovka o‘g‘it zavodida ishlagan (1940). Chirchiq elektr kimyo kombinatida bosh muhandis (1940—43), Chirchiq shahar partiya qo‘mitasi kotibi (1943—44), O‘zbekiston Respublikasi Davlat Plan komissiyasi raisining birinchi o‘rinbosari (1944— 47), Respublika Ministrlar Soveti boshqarmasi boshlig‘i (1948), Chirchiq elektr kimyo kombinati bosh muhandisi (1948—51), O‘zbekistan Fanlar akademiyasi kimyo institutida laboratoriya (bo‘lim) mudiri (1951—86), bosh ilmiy xodim (1986 yildan), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi kimyo-texnologiya fanlari bo‘limi akademik-kotibi (1952—56, 1966—86) bo‘lib ishlagan.
Asosiy ilmiy ishlari yangi mineral o‘g‘itlar turlarini olish, o‘g‘itlar sifatini yaxshilash, murakkab o‘g‘itlardan ratsional foydalanishga oid. Malik Nabiyevning qovushoqlanib (yopishib) qolmaydigan ammiak selitrasi olish usuli Chirchiq elektr kimyo kombinatida va boshqa korxonalarda amaliyotda qo‘llandi.
Malik Nabiyev o‘z shogirdlari bilan birgalikda ammoniylashtirilgan superfosfat olish usulini ishlab chiqdi va uni Qo‘qon, Jambul, Samarqand hamda Chorjo‘y kimyo zavodlarida amalga oshirdi. Fosfat xom ashyosini nitrat kislota bilan parchalab, qattiq va suyuq, murakkab o‘g‘itlar (SUM-I, SUM-P, SUM-P1, SUM-IV, SUM-V) ni ishlab chiqarish texnologiyasiga asos soldi, chigit tarkibidagi moy moddalarini ko‘paytirishga ta’sir etuvchi «SAKS» defoliantini ixtiro qildi.
Beruniy nomidagi O‘zbekistan Davlat mukofoti laureati (1968).