Mamadali Mahmudov (1940-2020)
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Evril Turon – Mamadali Mahmudov 1940 yil 12 dekabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumani Bog‘don qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limini bitirgan.
Birinchi kitobi — «Tog‘ ohusi» ocherklar to‘plami 1974 yili chop etilgan. 1975 yilda chop etilgan «Bog‘don qashqiri» qissasida yozuvchi birinchi marta bosmachilik harakati ishtirokchilarini milliy-ozodlik kurashchilari sifatida tasvirlagan. Adib o‘zining 1981 yilda «Sharq Yulduzi» jurnalida chop etilgan «O‘lmas qoyalar» romanida ayni mavzuni davom ettirib, O‘rta Osiyoga rus bosqinini qoralaydi. Asar to‘laligicha faqat mustaqillikdan so‘ng, 1991 yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rgan va Cho‘lpon mukofotiga sazovor bo‘lgan.
«O‘lmas qoyalar» romani 1981 yilda Germaniya Federativ Respublikasida, so‘ng Turkiyada chop etilgan. 2008 yilda frantsuz tilida Parijda, 2013 yilda Londonda chop etilgan.
1999 yili yozuvchi Jinoyat kodeksining 25-, 159-(band 4), 242-(band 1), 216-moddalari bo‘yicha ayblanib 14 yil qamoq jazosiga hukm etilgan.
2013 yilning fevralida 14 yillik qamoq muddati tugashiga qaramay, «jazoni ijro etish maskanining ichki tartiblarini buzgani uchun» yana qamoqqa hukm etilgan.
Yozuvchi 2017 yil bahorida, 17 yillik mahbuslikdan so‘ng ozodlikka chiqarilgan. 2018 yil noyabrida esa Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qayta tiklangan.
Evril Turon qamoqda «Bo‘z bo‘ri», «Oygul», «Oy nuri» degan romanlar yozgan.
Mamadali Mahmudov 2020 yil 10 oktyabr kuni vafot etgan.