MARKAZIY OSIYO HAMKORLIGI TASHKILOTI

MARKAZIY OSIYO HAMKORLIGI TASHKILOTI — davlatlararo mintaqaviy iqtisodiy tashkilot. 1993-yil iyul oyida O’zbekiston Respublikasi bilan Qozog’iston Respublikasi o’rtasida 1994-2000yillarda iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish to’g’risida bitim imzolandi. Integratsiya jarayonlariga sharoitlar yaratish maqsadlarida 1994-yil 10-yanvarda O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasida Yagona iqtisodiy makon tashkil etish to’g’risida Shartnoma tuzildi. Shartnomaga 1994-yil 16- yanvarda Qirg’iziston qo’shildi. 1996-yil 23-avgustda Olmaota shahrida o’tkazilgan davlatlararo kengash majlisida Rossiya Federasiyasi va Tojikiston Respublikasi kuzatuvchi (1998 -yil 26-martdan a’zo) sifatida tashkilotga qabul qilindi. 1998-yil 17- iyulda Cho’lponota shahrida (Qirg’iziston) Yagona iqtisodiy makonni tashkil etish to’g’risidagi shartnoma ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy birlashmasi «Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati» nomini oldi. 1999-yildan davlatlararo kengashda Gruziya, Turkiya, Ukraina kuzatuvchi maqomida ishtirok eta boshladi. Mintaqa mamlakatlarining yagona iqtisodiy makonni shakllantirish, mintaqa xavfsizligi va barqarorligi masalalarida, mintaqa mamlakatlarining o’zaro hamkorligini yanada chuqurlashtirish, integratsion jarayonlarni, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini hisobga olgan holda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan hamjamiyat faoliyati doirasini kengaytirish va uni «Markaziy Osiyo hamkorligi» tashkiloti deb atash taklif etildi va bu taklif Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston Respublikalari davlat boshliqlarining Toshkent bayonotida (2001 yil 28 dekabr) o’z ifodasini topdi. Davlat boshliqlarining Olmaota uchrashuvida (2002-yil 28 fevral) «Markaziy Osiyo hamkorligi» (MOH) tashkilotini tuzish haqida Shartnoma imzolandi. Milliy muvofiqlashtiruvchilar instituti tashkil etildi. MOHni tashkil etishning asosiy maqsadlari: qatnashuvchi mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda suvenergetika resurslaridan va suv xo’jaligi obyektlaridan ratsional foydalanish; o’zaro hamkorlik; mintaqa xavfsizligini mustahkamlashda hamkorlikni kuchaytirish belgilab qo’yilgan.