Mayoq
Mayoq — suzib ketayotgan kemalar uchun mo’ljal olishga imkon beradigan minora ko’rinishidagi navigatsiya inshooti. Uzoqdan ko’rinib turishi uchun minoraning yuqori qismi yorug’lik signalizatsiyasi bilan ta’minlanadi. Mayoq qadimdan ma’lum. Miloddan avval 283 yil Misr porti Iskandariya yaqinida qurilgan Faros mayog’i «dunyoning yetti mo’jizasi»dan biri hisoblangan (u 1500 yil xizmat qilgan). Qadimda bu maqsadda sham va chiroqlardan foydalanishgan. Elektr toki paydo bo’lganidan keyin elektr yoritqichlardan foydalaniladigan bo’ldi. Hozir elektr lampali kuchli optik apparatlar, lazerlar ishlatiladi. Bular tunda Mayoqlarning kamida 15 dengiz mili (taxminan 28 kilometr) dan ko’rinib turishini ta’minlaydi. Mayoqning qirg’oqqa quriladigan, dengizning o’zida tabiiy yoki sun’iy asos ustiga kuriladigan va suzuvchi (Mayoq apparaturalari o’rnatilgan kemalar yoki dengizning muayyan joyiga yakor tashlab qo’yiladigan) xillari bo’ladi. Elektr va lazer Mayoqdan tashqari, signalizatsiyaning boshqa turlari ham bor, masalan, akustik (nautofon, sirenalar va boshqalar), radiotexnik, suv osti (ossillyator, qo’ng’iroqlar va boshqalar). Vazifasiga qarab, Mayoqlar yo’l ko’rsatuvchi, qabul qiluvchi (portga yaqinlashganda), ogohlantiruvchi, burilishni ko’rsatuvchi va tavaqali xillarga bo’linadi. Yorug’lik, radiotexnik va tovush apparaturali avtomat universal Mayoqlar ham bor.