Mo’g’ultog’

Mo’g’ultog’ — Qurama tizmasining Janubi-g’arbidagi tog’. O’zbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan. Janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan. Qurama tizmasining g’arbiy tarmoqlari bo’lmish Oltintopgan va Qoramozor tizmalaridan Mirzarabot beli bilan ajralgan. Janubiy-g’arbiy etaklari Sirdaryo vodiysiga tutashadi. Uzunligi 85 kilometr chamasida. Eng baland joyi 1624 metr (mo’zbek tog’i), Janubi-g’arbda katta supa tog’i (balandligi 1277 metrgacha) mavjud. Tog’ kuchli parchalangan, yalang’och, qoyali yon bag’irlarida yozda qurib qoladigan chuqur soy ko’p. Ular nuragan jins parchalari bilan qoplangan. Etaklari keng prolyuvial shleyflar bilan band. Geologik tuzilishida quyi silur davrining granitli, filitli slaneslari, qumtoshlari, shuningdek, yuqori devon quyi karbon davrlarining ohaktoshlari va marmar toshlari ishtirok etgan. Mo’g’ultog’da Mozorbel, Chingildi, Daxchal dovonlari bor. Yiliga 200-250 mm yog’in tushadi. 1200 metr balandlikkacha bo’z tuproqlarda efemerlar (rang, qo’ng’irbosh), undan yuqorida yuvilgan jigarrang tuproqlarda turli o’tli bug’doy-iqzorlar siyrak holda uchraydi. Tog’ etagida Kattaayri, Choruhdayra qishloqlari joylashgan.