Mo`tadil iqlim
Mo`tadil iqlim — mo`tadil mintaqa iqlimi, bu mintaqada quyosh hech qachon zenitga chiqmaydi; yil fasllari bir-biridan keskin farq qiladi. Mo`tadil iqlim uch xil bo`ladi: 1) mo`tadil dengiz iqlimi (Masalan, G`arbiy Yevropada), butun yil davomida havoning rutubatli, seryog`in bo`lishi, qishning ancha iliq, yozning salqin kelishi bilan farq qiladi. Haroratning yillik amplitudasi u qadar katta emas (Masalan, Londonda 14°); 2) mo`tadil – kontinental iqlim qish va yoz haroratining keskin farq qilishi bilan xarakterlanadi: qishi sovuq, yozi issiq, haroratning yillik amplitudasi 40 darajaga yetadi va undan ham oshadi; yog`in kam yog`adi (Masalan, MDH hududining katta qismi va Shimoliy Amerikaning markaziy huudlari); 3) mo`tadil musson iqlimi, mo`tadil kontinental iqlim hududlaridagi kabi, qishning sovuq ayoz bo`lishi va qorning kam yog`ishi bilan farq qiladi, mo`tadil dengiz iqlimi hududlaridagi kabi yoz u qadar issiq emas, havo rutubatli bo`lib, yog`in ko`p yog`adi. Haroratning yillik amplitudasi katta -30 daraja va undan ortiq (Masalan, Uzoq Sharq, Xitoyning shimoli).