Neft nima?
Neft insoniyatga katta foyda keltiradi. Uning yordamida biz yorug’lik va issiqlikka erishamiz, u avtomobillar, traktorlar, tayyoralar va kemalarni harakatga keltiradi. Neftsiz barcha dvigatellar ishqalanish sababli to’xtab qoladi. Neftdan texnikaviy spirt, parafin, yonilg’i, moylash yog’i, smola, asfalt va boshqa mahsulotlar olinadi. Neft nima? Bu so’z lotin tilidan olingan bo’lib, «tosh yog’i» degan ma’noni anglatadi. U qanday hosil bo’lgan? Olimlar neftni olis o’tmishda okeanlarning iliq suvida o’sgan va yer yuzini qoplagan o’simliklar chirindisi hamda hayvonlar jasadidan paydo bo’lgan, deb hisoblashadi. Hayvonlar va o’simliklar halokatga uchrab, okeanlar tubiga cho’kib, to’planib qolgan. Davrlar o’tib, ularning ustini million tonnalab qum va cho’kindilar yopgan hamda cho’kindi va qum bosimi ostida ular qattiq jinslar tusini olgan. O’simliklar va hayvonlarning qoldiqlari qoramtir suyuqlikka aylanib okean zaminidagi jinslarning kovaklariga to’plangan. Yer qobig’ining ko’chishi oqibatida dengiz tubining bir qismi quruhlikka aylangan. Bu suyuqlikning birmuncha miqdori ham yer sirtiga ko’tarilgan va insoniyat tomonidan topilgan. Odamzot neftdan ko’p ming yillar davomida istifoda etib kelmoqda. Qadimda xitoyliklar va misrliklar uni dori-darmon sifatida ishlatishgan. Miloddan ancha oldin qadimgi Hindistonda neftdan o’z kulbalarini yoritish va isitish maqsadlarida foydalanishgan. Uzoq o’tmishda neftdan mash’alalar yondirishgan, uni g’isht tayyorlashda boshqa xom-ashyolarga aralashtirishgan, neft bilan suv o’tkazmasligi uchun savatlar va kemalar tagini moylashgan. Neft amerikalik hindularning ham xilma-xil ehtiyojlariga asqotgan. Amerikaga oq tanlilar ilk bor kelishganida ular hindulardan «tosh yog’i» vositasida ayrim xastaliklarni davolashni o’rgandilar. Yer bag’ridan tortib olinadigan neftdan amalda hech joyda foydalanib bo’lmaydi. Uni albatta qayta ishlash kerak. Buning sababi shundaki, neft tarkibida qattiq, suyuq va gazsimon moddalar mavjuddir. Agar neft qizitilsa, uning tabiat tomonidan yaratilgan tarkibidagi moddalarida o’zaro ajralishlar yuz beradi. Neft ichidagi moddalar qaynab, turli darajadagi haroratlarda bug’lanadi. Avvalo benzin, keyin parafin, undan so’ng gaz, moy va boshqa moylovchi xom-ashyolar ajralib chiqadi.