Nikoh to’yi
Nikoh to’yi — kelin va kuyovning nikohini jamoatchilikka ma’lum qilish tantanasi. Bu marosim davrlar o’tishi bilan qisman o’zgarib borgan va har bir etnik guruhda o’ziga xos xususiyatlari bilan o’zaro farq qilgan. O’zbek xalqining qadimgi Nikoh to’yi tizimida bir qancha marosimlar mavjud: sovchilik, unashtirish, uy ko’rar (qiz ko’rar), fotiha to’yi, to’y yuborish, qiz oshi (qizlar Majlisi), nikoh o’qitish, kelin tushdi, kelin salom, charlar, quda chaqiriq kabi marosimlar va ular bilan bog’liq urf-odatlar. Ularning aksariyati hozirgacha saqlanib, amal qilinib kelinadi. Nikoh to’yi kuni yoki bir kun oldin qiz tomonga to’yning oshini pishirib yoki xomligicha yuboriladi. Qiz xonadonida jamoaga osh tortiladi. Ba’zan kuyovnikida ham osh beriladi. To’y kuni yoki bir kun oldin qizning otasinikida nikoh marosimi o’tkaziladi. Kuyov yaqin jo’rasi, tog’asi bilan bo’lajak kelin xonadoniga borgan. Imom kuyovga er-xotinlik burchi va huquqlarini tushuntirgach, qizning yangasi orqali ruxsatini olib keyin «Xutbai nikoh» (nikoh haqidagi duo) o’qigan. Qadimgi o’zbekchilik udumiga ko’ra, nikoh to’yi tantanalari kuyovnikida o’tkaziladi. To’y oqshomi kuyov jo’ralari bilan, karnay-surnay, childirma-yu nog’oralar sadolari ostida sho’x o’yin-kulgi va zavqli qiyqiriqlar bilan kelinnikiga keladi. Ular chimildiq tortilgan xonada, noz-ne’matlar to’la dasturxon atrofida siylanadilar. Suyuq ovqat, osh eyilib bo’lingach, kuyov jo’ralaridan biri kelin tomondan kuyov sarposini «sotib oladi». Kuyovni qibla tarafga qaratib unga qizning onasi tayyorlagan chopon, salla kiygiziladi. Kuyov jo’ralar muborakbod etgach, sunray xonishi ostida kuyovni qizning onasi, xola-ammalari bilan ko’rishgani olib kelishadi. Ona va buvining oqfotihasi, ezgu duolarini olib kuyov o’z jo’ralari bilan uyiga qaytadi. Kelinga oq libosini kiydirib, otasi, buvasi va tog’a, amaki kabi yaqin qarindoshlar bilan xayrlashgani olib chiqadilar. Kelin yangalari, dugonalari davrasida otasining oldiga kelib ta’zim ila bergan nonu tuziga rozilik so’raydi. Otasi qizining peshonasidan o’pib, yelkasidan quchib roziligini bildiradi, baxt tilaydi. Qiz onasi oldiga borib «onajon, bergan oq sutingizga rahmat» deb bag’riga singib rozi-rizolik so’raydi. Kelin mashinaga chiqmasidan avval ota unga oq fotiha beradi, baxt tilaydi. Ishtirokchilarning hammasi duoga qo’l ochib unga jo’r bo’ladilar. Eng qadim odatimizga muvofiq kelin kuyovning uyiga qadar yor-yor bilan kuzatib ko’yiladi. Bu odatlar har viloyatda, qishloklarda o’ziga xos tarzda o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasida Nikoh to’ylarida milliylikni saqlagan holda dab-dababozlikka berilmay, isrofgarchiliksiz, ixcham o’tkazishga qaratilgan hukumat qarorlari qabul qilingan.