Ninachilar
Ninachilar (Odonata) — hasharotlar turkumi. Gavdasining uzunligi 1,4—120 millimetr, qanotlari 90 millimetrgacha. Fasetkali ko’zlari harakatchan, boshining katta qismini egallaydi. Mo’ylovlari kalta, ko’zga zo’rg’a ko’rinadi. Qanotlari kalin to’rlangan. Dorzoventral (orqadan qorin tomonga yo’nalgan) qanot muskullarining, erkaklarida ikkilamchi qo’shilish organining bo’lishi bilan boshqa hasharotlardan farq qiladi. 4500 ga yaqin (boshqa ma’lumotlarga ko’ra, 3000 dan ortiq) turi bor. Arktika va qurg’oqchilik hududlaridan tashqari hamma joylarda tarqalgan. Asosan, tropik hududlarda, suv havzalari yaqinida uchraydi. Yirtqich voyaga yetgan Ninachilar hasharotlar bilan oziqlanadi. O’ljasini havoda tutadi. Yirik Ninachilar lichinkasi itbaliqlar va baliqlar chavoqlariga hujum qilishi mumkin. Yarim o’zgarish orqali rivojlanadi. Havoda urug’lanadi. Tuxumlarini suv tubiga yoki suvdagi o’simliklarga qo’yadi. Lichinkalari yirtqich, og’iz organlari o’ljasini tutuvchi organ — niqobga aylangan. Maxsus tashqi jabralar (dum jabralari) yoki orqa ichak o’simtalari (rektal jabralar) yordamida nafas oladi. 3 ta kenja turkum: teng qanotlilar, har xil qanotlilar, aralash qanotlilarga bo’linadi. Keyingi turkumga oldingi ikki turkumining ham belgilarini mujassamlashtirgan, tropik hududlarda tarqalgan bitta urug’kiradi. O’zbekiston hududida Ninachilarning o’nlab turlari tarqalgan. Tog’li hududlarda O’rta Osiyo uchun endemik, yirik Ninachilar kordulegaster; vohalar va tog’oldi hududlarida shaynli ninachilar ko’p uchraydi. Ninachilar qanotli qasharotlar, ularning lichinkasi esa qon so’ruvchi hasharotlarning suvdagi lichinkalari bilan oziqlanadi. Ninachilarning lichinkalari baliqlar uchun oziq.