Nomogenez

Nomogenez (Yunoncha nomos — qonun va … genez) — tirik tabiatning tarixiy rivojlanishini ichki programmalashtirilganligi to’g’risidagi evolyutsion kontsepsiya. 1922 yil rus fiziologi L. S. Berg tomonidan ilgari surilgan. Nomogenez maqsadga muvofiqlik (moslanish)ning ob’yektivligi va nisbiyligini inkor etib, tiriklikning oldindan maqsadga muvofiqligini tan oladi. Olimning fikricha, maqsadga muvofiqlik protoplazma oqsillarining stereokimyoviy xususiyatlariga bog’liq. Boshqacha qilib aytganda, evolyutsiya — oldindan ko’rsatilgan belgilarning rivojlanishidan iborat. Ana shu asosda ontova filogenez jarayonlari yagona qonuniyat asosida amalga oshadi, ya’ni evolyutsiya Nomogenez bo’lib, qonuniyatlar evolyutsiyasidan iborat, degan xulosa chiqarilgan. Bundan tashqari, Berg irsiyat geografik muhit ta’sirida bir vaqtning o’zida juda ko’p individlarda namoyon bo’ladigan muayyan qonuniyat asosida borishi va yo’naltirilganligi to’g’risidagi tushunchani ilgari suradi. Berg ko’rsatishicha, tur hosil bo’lishi keskin sakrash orqali borishi mumkin. U konvergentsiya va parallelizm tushunchalaridan foydalanib, taksonlarning polifilik yo’l bilan kelib chiqqanligini asoslashga urindi. Organik dunyoning xilma-xilligini divergentsiya nuktai nazardan tushuntiruvchi Darvin ta’limotiga qarama-qarshi ravishda Berg hayotning azaldan xilma-xilligini ko’rsatadi. Ana shu tushunchalar asosida Berg avtonom ortogenez, ya’ni tashqi muhitga bog’liq bo’lmagan, morfofiziologik tuzilishni mukammallashtirishga qaratilgan, tiriklik uchun xos bo’lgan qandaydir kuch to’g’risidagi g’oyani ilgari surdi. Nomogenez tarafdorlari Darvin ta’limotini evolyutsiyada tasodiflarni absolyutlashtirish (tixogenez) dan iborat g’oya sifatida tanqid qilishadi. Nomogenez g’oyalari boshdan oxirigacha darvinizmga qarshi qaratilgan, evolyusiya sabablari va qrnuniyatlarini yangidan tushuntirishga muvaffaqiyatsiz urinishlardan biri hisoblanadi. Aslida Nomogenezda Berggacha ham ilgari surilgan g’oyalar aks etgan. Bergning xizmati ana shu g’oyalarni umumlashtirib, sistemaga solish bilan birga evolyusion ta’limotda yechilmagan muammolarga, xususan, evolyutsion jarayonning yo’naltirilganligi masalasiga e’tiborni jalb qilinganligidan iborat. Hozirgi zamon biologiyada Bergning mazmunan teleologik g’oyasidan bir qancha makroevolyutsion jarayonlarni antidarvinizm nuqtai nazaridan tushuntirishda ba’zan foydalaniladi.