Nomuntazam qo’shinlar
Nomuntazam qo’shinlar, lashkarlar — barqaror uyushmaga ega bo’lmagan askariy qismlar. Nomuntazam qo’shinlar tuzilishi, xizmatni o’tashi, kiyim-kechagi (uniformasi) jihatdan muntazam qo’shinlardan farqlanadi. O’rta asrlarda Nomuntazam qo’shinlar harbiy yurishga chiqqan armiyaning asosini tashkil qilgan. Muntazam qo’shin mavjud bo’lsada, uning miqdori Nomuntazam qo’shinlarga nisbatan ozchilikni tashkil etgan. Harbiy yurishlar boshlanishidan avval hukmdor o’z qo’l ostidagi hududlarga qo’shin to’plash uchun harbiy nozirlar (tavochilar)ni jo’natgan. Qo’shin to’plash haqidagi maxsus buyruq (tunQal)ga binoan viloyat hokimlari, tuman va shahar beklari, qal’a, qo’rg’on dorug’alari, oliy bosh qo’mondon tomonidan tuzilgan ro’yxatga muvofiq o’z askarlari, zarur ot-ulovi, qurol-yarog’i, oziq-ovqati, yem- xashagi bilan oldindan belgilab qo’yilgan to’planish o’rniga o’z vaqtida kechikmasdan yetib kelishi shart hisoblangan. Buxoro amirligida harbiy kuchlar muntazam qo’shin (navkariya) hamda Nomuntazam qo’shinlar (qora cherik)dan iborat bo’lgan. Nomuntazam qo’shinlar Amir Farmonining jarchi tomonidan bozorlarda e’lon qilinishidan so’ng yig’ilgan. Xizmatga chaqirilgan Nomuntazam qo’shinlar jangchilari qurol-yaroq o’rnida ba’zan bel, ketmon, panjshaxa bilan qurollangan. Ehtiyoj bo’lmagan paytlarda Nomuntazam qo’shinlarga uylariga qaytishga ruxsat berilgan. Rossiyada (17-20-asrlar) Nomuntazam qo’shinlar aksariyat kazaklardan tashkil etilgan. 20-asrning boshlarida Turkistondagi otliq divizion, Dog’istondagi otliq polk ham Rossiyaning Nomuntazam qo’shinlari tarkibiga kirgan. 17-20-asrlarda Avstraliya, Afg’oniston va Eronda ham Nomuntazam qo’shinlar mavjud edi. Birinchi jahon urushidan keyin Nomuntazam qo’shinlar barcha davlatlarda tugatilgan.