Norbo’tabiy madrasasi
Norbo’tabiy madrasasi — Qo’qondagi me’moriy yodgorlik (18-asr oxiri). Qo’qon xoni Norbo’tabiy hukmronligi davrida qurilgan. Xalq orasida Madrasai Mir nomi bilan ham yuritiladi. Norbo’tabiy madrasasi Chorsu maydoni yaqinida qurilgan. Bir qavatli, hovlili, to’g’ri to’rtburchak tarhli (52×72 metr), 4 burchagiga minora-guldastalar ishlangan. Hovli (38×38 metr) atrofiga qator ravoqli xujralar joylashgan. Peshtog’i shimolga qaragan. Miyonsaroyning 2 tarafida peshtoq bo’ylab tutashgan gumbazli masjid va 12 ta derazali (panjaralar o’rnatilgan) darsxona mavjud. Norbo’tabiy madrasasi pishiq g’ishtdan qurilgan. Xonalar ichi ganchsuvoq qilingan. Masjidning gumbaz osti sharafasi va mexrobining yulduzsimon bezaklari serhasham ko’rinadi. Eshiklari girih naqshlar bilan bezatilgan, ichki qismida esa o’ymakori islimiy naqsh qo’llanilgan. Norbo’tabiy madrasasining tashqi ko’rinishi Buxoro me’morlik maktabi uslubiga xosdir. Ad.:Azimov I., Farg’ona vodiysining arxitektura yodgorliklari, T., 1986.