Okop

Okop (ruscha okop — xandaq, chukur) — harbiy ishda — jonli kuchlar va jangovar texnikani dushman o’tidan pana qiladigan, jangovar marra (pozisiya) vazifasini o’taydigan harbiy muhandislik inshooti. Bobur va Shayboniyxon qo’shinlarida Okop «mo’ljar» istilohi bilan ataladi. To’fang va miltiqning paydo bo’lishi (16-asr 1-yarmi) natijasida Okopga ehtiyoj sezildi. Okopning keying taraqqiyoti o’yiq stvolli qurollarning paydo bo’lishi bilan bog’liq (19-asr 2-yarmi). Odatda, Okop bir kishi, bo’lim, pulemyot, minomyot, to’p, tank va boshqalar uchun mo’ljallangan bo’ladi. Bir kishilik Okop yotgan odam ko’rinmaydigan darajadagi o’lchamda (110-150 santimetr chuqurlik, 150— 170 santimetr uzunlikda) kaziladi. Bir kishilik Okop o’zaro birlashtirilib, bo’linma uchun okop hosil qilinadi. Bo’lim Okoplari atrofi tuproq bilan shibbalangan chuqurlik (transheya), 1-2 kishiga mo’ljallangan o’q otish joylari, qo’l pulemyoti uchun maydoncha, shaxsiy tarkib uchun oddiyroq pana joy, o’q-dorilar qo’yiladigan tokchalardan iborat bo’ladi. Minomyot, to’p, tank va boshqalar uchun qurilgan Okopda o’t ochish maydonchasi, ekipaj (raschyot) uchun pana joy, jangovar texnikaning Okopga kirishi va chiqishi uchun yo’lak hamda brustver (tuproq ko’tarma) bo’ladi. Okop barcha turdagi jangovar xarakatlarda, ayniqsa, mudofaada keng kullaniladi. Okop singuvchi radiasiyani ancha qaytaradi, zarb to’lqinini va yorug’lik nurining shikastlash doirasini kamaytiradi. Okopni qo’shinlar o’z kuchi va maxsus Okop kavlash mashinalari bilan qaziydi. Okopning devorlari chim, taxta, shox-shabba va boshqa narsalar bilan mahkamlanadi. Transheya va aloqa yo’llarining himoya kuvvatini oshirish uchun ba’zan ularning usti yopiladi. Tog’li joylarda Okop tosh va xarsanglardan terib hosil qilinadi. Yer portlatilib, chuqurlik ochiladi. Mustahkam bo’lishi uchun toshlar orasiga tuproq, ba’zan kum solingan qoplar joylashtiriladi. Barcha xildagi Okop joyning tabiiy ko’rinishiga moslab niqoblanadi. Ommaviy qirg’in kurollari, kimyoviy, biologik (bakteriologik) kurollar mavjud bo’lgan hoz. sharoitda Okop o’z ahamiyatini ancha yo’qotdi, lekin hozir ham sharoit taqozosi bilan Okopdan foydalaniladi.