Oliy o’quv yurtlari
Oliy o’quv yurtlari — xalq xo’jaligi, fan va madaniyatning turli tarmoqlari uchun malakali mutaxassislar, ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlab berishga yo’naltirilgan o’quv muassasalari. Ularda bo’lajak mutaxassislarga oliy ta’lim berishdan tashqari, nazariy va amaliy yo’nalishdagi ilmiy ishlar ham olib boriladi, oliy va o’rta maxsus maktablarning professor-o’qituvchilari, tegishli yo’nalishdagi ishlab chiqarish va madaniyat sohalarining mutaxassislari malaka oshiradilar. Oliy o’quv yurtlariga universitetlar, tarmoq (texnika, tibbiyot, pedagogika, madaniyat, iqtisod va boshqa) institutlari, oliy harbiy yoki texnika o’quv yurtlari, o’quv akademiyalari, oliy maktablar kiradi. Oliy o’quv yurtlarining dastlabki ko’rinishlari bo’lmish falsafa maktablari miloddan avvalgi 5— 3-asrlarda Afina va Rimda vujudga keldi. Musulmon sharqida esa Islom qabul qilinib, shiddat bilan yoyilgan 10-asrga kelib Arab xalifaligiga qarashli Iroq, Suriya, Misr mamlakatlarida Oliy o’quv yurtlarining Madrasa shakli qaror topdi. Musulmon Renessansining yuzaga chiqishida Madrasa ta’limi tizimi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Oliy o’quv yurtlari sifatida universitetlar musulmon madrasalari ta’sirida G’arb Renessansining bo’lg’usi o’choqlarida ancha keyin: 11 —12-asrlarda Italiya (salerno va bolonya), Frantsiya (Parij), 12-asr oxiri — 13-asr boshlarida Ispaniya (Salamanka) va Angliyada (Oksford) paydo bo’ldi. Keyinchalik universitetlar boshqa mamlakatlarda ham ochila boshladi. Rossiyada birinchi oliy o’quv yurti 1725 yilda ochilgan Peterburg Fanlar Akademiyasi qoshidagi Akademiya universiteti edi. 1755 yil M. Lomonosov tashabbusi bilan Moskva universiteti ochildi. Mamlakatimiz hududidagi ilk oliy o’quv yurti Abu Bakr Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida aytib o’tilgan 937 yilgi yonginda zarar ko’rgan Forjak madrasasi bo’lgan. Turkistondagi ilk Oliy o’quv yurtlari 2 turga bo’lingan. Birinchi turi madrasa deb atalgan va talabalarga ilohiy (nakdiy) va dunyoviy (aqliy) ilmlar berilib, kichikroq shaharlarda, tumanlarda faoliyat ko’rsatgan. Ikkinchi turdagi Oliy o’quv yurtlarilari oliy madrasalar (Madrasai a’lo) deyilgan. Oliy madrasalarda darsxonalar ham, xujralar soni ham ko’p bo’lgan, bu yerdagi mudarrislar ilm ahli tomonidan tan olingan, talabalarga beriladigan vazifalar miqdori ko’proq bo’lgan. Oliy madrasalar siyosiy va ilmiy poytaxt hisoblanmish shaharlarda faoliyat ko’rsatgan. Ularga ajratilgan vaqf yerlar miqdori katta bo’lgan va ular shahardagi eng hashamatli binolarda joylashgan. Oliy madrasada berilgan sanad (Diplom) musulmon olamining barcha joylarida inobatga o’tgan. Madrasalardagi talabalar o’zlashtirish darajalariga qarab, ta’limning quyi (adno), o’rta (avsat) va yuqori (a’lo) bosqichlarini o’taganlar. Muayyan bosqichni sakkiz yilda o’tay olmagan talaba vazifadan mahrum qilingan. Oliy o’quv yurtlarining bu tizimi to sho’rolar boshqaruvi qaror topganga qadar davom etdi. 1929 yilga kelib, Sho’ro hukumati Oliy o’quv yurtlarining madrasa turini rasmiy ravishda taqiqlab quydi. O’zbekistonda zamonaviy ma’nodagi birinchi oliy o’quv yurti Turkiston ASSR Xalq komissarlar kengashi buyrug’i bilan 1918 yilning 16 martida tashkil etilgan Turkiston xalq universitetidir. Ammo bu universitet faqar rus tilida ma’lumot olgan kishilarni o’qitishga yo’naltirilgan bo’lib, o’lkaning haqiqiy egalariga oliy ma’lumot berish ko’zda tutilmagan. Millatning fikriy rivojida zamonaviy universitetlarning g’oyat ulkan o’rin tutishini anglagan Munavvarqori yetakchiligidagi ziyolidar tashabbusi va saxovatli kishilarning ko’magi bilan 1918 yil 12 mayda Xalq dorilfununining tashkil etilishi ulkan voqeaga aylangan. Xalq dorilfununi tashkil etilganda, uning qoshida adabiyot-falsafa, ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiymatematik, qishloq xo’jalik, texnika singari 5 fakultet faoliyat ko’rsatgan. O’lkada o’rta ma’lumotli yoshlar kam bo’lgani uchun ham Xalq dorilfununi qoshida o’qishga kirishga tayyorlaydigan maktab va kurslar tashkil etilgan. 1919 yildan boshlab shu maqsadda ishchilar fakultet (rabfak)lari yuzaga keldi. Xalq dorilfu nunining milliy asoslarda mustaqil ravishda faoliyat ko’rsatayotganligidan xavotirga tushgan RSFSR Xalq komissarlari kengashi 1920 yil 7 sentabrda 2 yildan oshiqroq vaqtdan buyon ishlayotgan dorilfununni «tashkil etish» va uni davlat universitetiga aylantirish haqida dekret chiqardi. Bu ish oliy o’quv yurtida mahalliy mutaxassislarning kamroq bo’lishi va oliy ta’limning tashkil etilishida milliy xususiyatlar hisobga olinishiga imkon bermaslik uchun qilingan edi. Xalq dorilfununi 1920 yildan Turkiston davlat universiteti, 1923 yildan O’rta Osiyo davlat universiteti (SAGU), 1960 yildan Toshkent davlat universiteti (ToshDU), 2001 yildan O’zbekiston milliy universiteti (O’zMU) tarzida atalgan. 1918 yil 8 noyabrda tashkil etilgan Turkiston sharqshunoslik institute mamlakatimizdagi ikkinchi oliy o’quv yurtidir (bu insitut 1924 yilda O’rta Osiyo davlat universitetining fakultetiga aylantirilgan). 1919 yilning 15 avgustda tashkil etilgan Turkiston o’lkasi oliy tibbiyot maktabi O’zbekistondagi uchinchi oliy o’quv yurti bo’ldi (maktab 1919 yilning 27 noyabrda O’rta Osiyo davlat universitetining tibbiyot fakultetiga aylantirilgan). 1927 yil Samarqandda ochilgan O’zbekiston Oliy pedagogika instituti (1930 yildan O’zbekiston Pedagogika akademiyasi) mamlakatimizdagi to’rtinchi oliy o’quv yurti hisoblanadi. 1933 yil shu oliy maktab negizida O’zbekiston davlat universiteti (1960 yildan Alisher Navoiy nomidagi Samarkand universiteti) tashkil bo’ldi. 1929 yil O’rta Osiyo davlat universiteti negizida bir qator Oliy o’quv yurtlari tashkil etildi. O’rta Osiyo qishloq xo’jalik instituti, O’rta Osiyo paxtachilik va irrigatsiya politexnika instituti, O’rta Osiyo energetika, O’rta Osiyo Geolo-razvedka (bular keyinchalik Toshkent texnika universitetining fakultetlariga aylantirilgan) va O’rta Osiyo qurilish singari Oliy o’quv yurtlari tashkil topgan. 1931 yil O’rta Osiyo davlat universiteti asosida Toikiston Qishloq xo’jalik, Oliy pedagogika, Turkmaniston Zooveterinariya institutlari, O’rta Osiyo tibbiyot instituti, O’rta Osiyo plan instituti tashkil etildi. O’rta Osiyo respublikalaridagi 15 oliy o’quv yurti va o’nlab ilmiy tadqiqot muassasalari Sagudan ajralib chiqqan. 20-asrning 30-40-asrlarida O’zbekistondagi ko’plab Oliy o’quv yurtlari O’rta Osiyo miqyosida ish ko’rganligi diqqatga sazovordir. Ularda tegishli sohalar bo’yicha faqat mamlakatimizga emas, balki butun O’rta Osiyoga oliy malakali kadrlar yetishtirib berilgan. Shu tariqa, O’zbekiston Qardosh mamlakatlarni oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan ta’minlash va u joylarda Oliy o’quv yurtlari tizimini yaratishning o’ziga xos o’chog’i bo’ldi. 2-jahon urushigacha bo’lgan davrda O’zbekistonda bir nechta Oliy o’quv yurtlari tashkil etildi. 1932 yil O’rta Osiyo temir yo’l injenerlari instituti, Samarqand qishloq xo’jalik instituti, Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat instituti, O’rta Osiyo Sovet qurilishi va huquqi instituti, 1935 yil Toshkent pedagogika instituti, 1936 yil Toshkent konservatoriyasi, 1937 yil Toshkent farmasevtika instituti tashkil topdi. 1940/41 o’quv yilida O’zbekistonda 30 oliy o’quv yurti bo’lib, ularda 19061 talaba o’qigan. 2-jahon urushi yillarida O’zbekistondagi Oliy o’quv yurtlari faoliyati izdan chiqdi. Talabalarning asosiy qismi frontga chaqirilgani, oliy ta’limni mablag’ bilan ta’minlash nihoyatda og’irlashgani uchun ham Oliy o’quv yurtlarida o’qiydiganlar miqsori keskin kamaydi. Buning salbiy oqibatlari urushdan keyingi yillarda ham yaqqol sezilib turdi. Natijada, moddiy-texnika hamda o’quv-ilmiy bazasi nochorlashib qolgan bir qator institutlar yirik Oliy o’quv yurtlariga (masalan, ayrim ququq va pedagogik institutlari universitetlarga, o’qituvchilar institutlari pedagogika institutlariga) qo’shildi. Mustaqillik arafasida O’zbekistonda 41 oliy o’quv yurti bo’lib, ulardan 3 tasi universitet (ToshDU, SamDU va 1976 yil tashkil etilgan Qoraqalpog’iston universiteti), 15 tasi pedagogika instituti, 7 tasi texnika iniversiteti, 3 tasi iqtisod instituti, 5 tasi tibbiyot instituti, 4 tasi qishloq xo’jalik instituti, 3 tasi san’at instituti, 1 tasi jismoniy tarbiya va sport instituti bo’lgan. Mustaqillikka erishilgach, O’zbekistonda Oliy o’quv yurtlari tizimi milliy asoslarda tubdan qayta qurildi. Oliy o’quv yurtlarining zamon talablariga mos, raqobatbardosh oliy malakali kadrlar tayyorlash imkoniyati yaratilishiga alohida ahamiyat berildi. Shu maqsadda universitet tizimi kengaytirildi. 1992 yilga kelib, mamlakatimizdagi universitetlar soni 12 taga yetdi. Mustaqillikdan keyin bir qator yangi Oliy o’quv yurtlarilari tashkil qilindi. 2002 yil O’zbekistondagi Oliy o’quv yurtlari soni 61 tani tashkil etdi. Shulardan 18 tasi universitet bo’lib, qolganlari institutlar, o’quv akademiyalari, oliy maktablardir. 2001/2002 o’quv yili 61 oliy o’quv yurtida 207,2 ming talaba ta’lim oldi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko’ra, irqi, millati, jinsi, ijtimoiy mavqei, mulki, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, har bir O’zbekiston fuqarosi Oliy o’quv yurtlarida o’qish huquqiga ega. Oliy o’quv yurtlarida ta’lim davlat hisobidan va shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin. Oliy o’quv yurtlariga 35 yoshgacha bo’lgan o’rta va o’rta maxsus ma’lumotli kishilar (Oliy o’quv yurtlarining sirtqi bo’limida yoshga qaralmaydi) qabul qilinadi. Oliy o’quv yurtlariga kiruvchilar tanlagan mutaxassisligiga oid fanlar, ona tili va adabiyot, shuningdek, chet tillaridan umumlashgan test topshiradilar. Ijodiy xarakterdagi Oliy o’quv yurtlarida (konservatoriya, san’at, jismoniy tarbiya, jurnalistika) testdan tashqari ixtisoslikdan ham imtihon topshiriladi. Oliy o’quv yurtlariga rektor boshchilik qiladi. O’quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarga rahbarlik prorektorpar tomonidan amalga oshiriladi. Oliy o’quv yurtlari fakultetlaraan tashkil topadi. Fakultetlarda bir yoki o’zaro bog’liq bo’lgan bir necha mutaxassislikdan talaba va aspirantlar o’qitiladi, xalq xo’jaligining tegishli sohalaridan mutaxassislar malakasini oshiradi, shuningdek, kafedralarning ilmiy tadqiqot faoliyatiga rahbarlik qiladi. Fakultetga dekan boshchilik qiladi. Oliy o’quv yurtlari (fakultetlar) faoliyatidagi asosiy masalalarni ko’rib chiqish va hal etish uchun rektor (dekan) huzurida Oliy o’quv yurtlari, fakultetlar ilmiy kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, Oliy attestatsiya komiesiyasi tomonidan nomzodlik va Doktorlik dissertatsiyasi yoqlash bo’yicha Himoya kengashlari ham, asosan, Oliy o’quv yurtlarida tashkil etiladi. Oliy o’quv yurtlarining professor-o’qituvchilari uchun quyidagi lavozimlar belgilangan: kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o’qituvchi, o’qituvchi, assistent. Bular tanlov yo’li bilan har 5 yilda bir saylanadi. Tanlov qarorlari Oliy o’quv yurtlari kengashida yashirin ovoz berish yo’li bilan qabul qilinadi. Ayrim yirik Oliy o’quv yurtlarida dotsent, katta o’qituvchi, o’qituvchi lavozimlariga saylash vakolati fakultet ilmiy Kengashiga berilgan. Oliy o’quv yurtlarida o’quv jarayoni O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan o’quv rejasi va dasturlar bo’yicha tashkil etiladi. Oliy o’quv yurtlarida darslarga qatnashish majburiy. O’quv yili yakuniy baholash bilan tamomlanadigan 2 semestrdan iborat. O’zbekistondagi Oliy o’quv yurtlarida ta’lim 2 bosqichli bo’lib, kamida 4 yillik bakalavriat va kamida 2 yillik magistraturadan iborat. Bakalavriat bosqichida talaba o’qigan asosiy kurelardan davlat attestatsiyasidan o’tadi va malakaviy bitiruv ishi yozadi. Magistratura bosqichida esa magistrlik dissertasiyasi tayyorlab, himoya qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda ekstern (mashg’ulotlarga qatnamay, individual tayyorgarlik asosida) yo’l bilan o’qish ham ko’zda tutilgan. Oliy o’quv yurtlarining bakalavriat bosqichini bitirganlarga mutaxassislik, magistratura bosqichini tugallaganlarga ixtisoslik beriladi. Oliy o’quv yurtlarini bitiruvchilarga (kunduzgi, sirtqiligidan qati nazar) ixtisosi bo’yicha bir xil kuchga ega yagona namunadagi diplom beriladi. Asosiy fanlarning 75% dan ortig’ini «a’lo» baholarga o’qigan talabalar imtiyozli diplomga ega bo’ladilar. Qozoqboy Mo’ldoshev.