Olmosh

Olmosh — ot, sifat, son o’rnida qo’llanuvchi mustaqil so’z turkumi. Olmoshlarning asosiy ma’nosi va qaysi so’z turkumi o’rnida qo’llanishi matnda oydinlashadi. Olmoshlarning ma’nosi noaniq va umumiy bo’ladi. Ma’no va grammatik xususiyatlariga ko’ra, Olmosh umumlashgan predmet (Olmosh — ot: men, sen, u, kim, nima, hech kim, hech nima), umumlashgan belgi (Olmosh — sifat: bu, shu, o’sha, qaysi, allaqanday, hech qanday), umumlashgan miqdor (Olmosh — son: qancha, necha, shuncha, o’shancha) bildiruvchi Olmoshlarga bo’linadi. Olmoshlar noaniqligi, so’z yasalishining yo’qligi bilan boshqa so’z turkumlaridan farklanadi. Olmoshlar ma’no va Grammatik xususiyatlariga ko’ra, kuyidagi turlarga bo’linadi: kishilik Olmoshlari — men, sen, u, biz, ular bo’lib, shaxslar o’rnida ishlatiladi, o’zlik Olmosh — o’z so’zidan iborat bo’lib, predmet ma’nosini kuchaytirib, ta’kidlab ko’rsatadi; ko’rsatish Olmosh — bu, shu, o’sha, u, ana, mana kabilar predmet va uning belgilarini ko’rsatadi; so’roq Olmosh — kim? nima? qancha? Qanday kabilar predmet, belgi va miqdor haqida so’roqni bildiradi; belgilash-jamlash Olmosh — hamma, bari, ba’zan, har nima, har qanday kabilar predmet va uning belgisini umumlashtirib, jamlab ko’rsatadi; bo’lishsizlik Olmosh — hech kim, hech qanday, hech qanaqa, hech qaysi kabilar inkor ma’nosini bildiradi; gumon Olmosh — allakim, allanima, nimadir, kimdir kabilar predmet va uning belgisi, miqdorini taxminiy bildiradi.