Operatsiya
Operatsiya (tibbiyotda) — to’qima va a’zolardagi kasallik jarayoniga xirurgning aralashuvi. Bunda operatsion jarohat vujudga keltiriladi (qonli Operatsiya), ba’zan maxsus mexanik usullar tatbiq etiladi (qonsiz Operatsiya, masalan, chiqqan suyakni solish, singan suyak bo’laklarini bir- biriga to’g’rilab qo’yish). Ko’pincha davolash, ba’zan esa diagnostika maqsadida (masalan, biopsiya, punktsiya, laparotomiya) qilinadi. Rejali va kechiktirib bo’lmaydigan (zudlik bilan qilinadigan) Operatsiya tafovut qilinadi. Rejali Operatsiyadan oldin bemor sinchiklab tekshiriladi va Operatsiyaga tayyorlanadi (Masalan, me’da yarasi, raki, surunkali appendisit, kataraktada). Kasallik holati bemorning hayotiga tahdid qilib turganda (me’da yarasi teshilganda, churra qisilib qolganda, ichak buralganda va boshqalar) kechiktirib bo’lmaydigan Operatsiya qilinadi. Operatsiya xarakteri jihatdan radikal va palliativ turlargaajratiladi. Radikal Operatsiyada patologik jarayon bartaraf qilinadi (kasallik o’chog’i va, hatto, butun organ olib tashlanadi). Patologik jarayon oqibatida kelib chiqqan kasallik simptomini bartaraf qilish palliative Operatsiyaning vazifasidir. Tiklash Operatsiyalari alohida o’rin tutadi.