O’PKA EMFIZEMASI
O’PKA EMFIZEMASI (Yunoncha — puflanish) — o’pkaning kengayishi va harakatining cheklanishi, nafas va qon aylanish funktsiyalarining buzilishi bilan kechadigan kasallik. Cheklangan (o’pkaning ayrim joylarini qamrab oladigan) va diffuz (umumiy), o’tkir va surunkali O’pka emfizemasi farq qilinadi. Surunkali, diffuz O’pka emfizemasi keng tarqalgan o’pka kasalligi bo’lib, u har qanday yoshda, ko’proq 40-50 yoshdan keyin kuzatiladi va unga bronxlar o’tkazuvchanligining izdan chiqishi sabab bo’ladi. Surunkali bronxit, bronxial astma va o’pkaning boshqa kasalliklari oqibatida bronxlar yorig’i torayadi (ularda shilliq yig’ilishi yoki bronxlar spazmi hisobiga), bunda nafas chiqarish kuchi yetarli bo’lmay, havoning bir qismi o’pka alveolalarida qoladi (qoldiq havo) va qayta nafas olinganida alveolalar cho’ziladi. Yallig’lanish jarayonlari oqibatida o’pka to’qimalari elastikligining kamayishi ham O’pka emfizemasiga olib keladi. Bunda alveolalar devori yupqalashadi va yirtiladi, natijada ular kengayadi. Pnevmoskleroz (o’pkada biriktiruvchi to’qimaning o’sib ketishi), shuningdek, tamaki chekish ham O’pka emfizemasining rivojlanishiga yordam beradi. Kasallik uzoq davom etadi. Bemorning nafasi qisadi, yo’taladi, dastlab jismoniy ish qilganida, keyinchalik tinch holatida ham qiynalib nafas chiqaradi. Bemorning yuzi shishib, ko’krak qafasi «bochkasimon» bo’lib qoladi. Kasallik asta-sekin zo’rayib boradi. O’pka emfizemasini vrach davolaydi. Quruq va iliq havo sharoitida iklim bilan davolash yaxshi naf beradi. O’pka emfizemasining oldini olish uchun bronxlar va o’pkaning surunkali kasalliklarini o’z vaqtida davolash, chekmaslik zarur.