«Oqtosh» sanatoriysi
«Oqtosh» sanatoriysi — Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani Oqtosh qishlog’idagi tog’iqlimiy kurort. Toshkent shahridan 65 kilometr, G’azalkent shahridan 10 kilometr masofada, dengiz sathidan 1140 metr balandlikda joylashgan (G’arbiy Tyanshan — Qorjontovning pastki qismi). Maydoni 8,5 gektar. Tarixiy manbalarga ko’ra, sanatoriy hududida dastlab geologlar yashab tog’qidiruv ishlarini olib borishgan. 1936 yil silga aloqasi bo’lmagan nafas a’zolari hamda nerv sistemasi kasalliklari bilan og’rigan kishilar davolanadigan sanatoriy tashkil etilgan. 1942-45 yillar sanatoriy ko’krak qafasi jarohatlanganlar uchun harbiy gospital bo’lgan. Hozirgi nafas a’zolari kasalliklari, asosan, bronxial astma bilan og’rigan bemorlar davolanadi. Sanatoriy yaxshi ko’kalamzorlashtirilgan, atrofi keng bargli o’rmonlar bilan o’ralgan (yong’oq, pista, bodom va boshqalar o’sadi). Iqlimi mo»tadil kontinental: qishi yumshoq, yozi issiq, yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°, iyulniki 35°, nisbiy namlik 55%, quyoshli kunlar davomiyligi yiliga 2550 soat. Davolash omili — kislorodga va shifobaxsh efir moylariga boy musaffo tog’havosi. Tog’ daryolaridan keladigan tabiiy gidro ionlanish kelib chiqishi jihatidan nospesifik nafas a’zolari xastaliklariga shifobaxsh ta’sir etadi. Davolash kompleksi fizioterapiya, sun’iy vannalar (ignabargli, tuzli), sauna, parafin va ozokerit bilan davolash, massaj, davo fizkulturasi, terrenkur, maqsadga muvofiq ovqatlanishdan iborat. Sanatoriyda Sharq tabobati — giyohlar bilan davolashda keng foydalaniladi. 100 (yozda 126) o’ringa mo’ljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki o’rinli), 4 ta oilaviy kottej, klub, kutubxona, sport maydonchalari mavjud (2003). Bolalar va ota-onalari uchun yil bo’yi ishlaydigan bo’lim ham bor (1999 yildan). Sanatoriyning kirish darvozasi Ark uslubida qurilgan.