Oqtov seriyasi
Oqtov seriyasi — Janubiy O’zbekiston Paleosen yotqiziqlaridagi stratigrafik birlik. Oqtov seriyasi Akramxo’jayev va M. Egamberdiyevlar tomonidan ajratilgan. Oqjar (quyi Paleosen) va Buxoro (o’rta va yuqori Paleosen) qatlamlarini o’z ichiga oladi. Tarkibi takrorlanib katlamlashgan gips-angidrit, g’ovak oolit (yaxshi kollektor xususiyatiga ega) hamda foraminifera qoldiqlariga boy dolomit va ohaktoshlardan iborat. Ostki Paleosen yotqiziqlarining eng katta qalinligi (Surxondaryo botiqligida) 150 metrgacha bo’lib, ba’zi joylarda gips qatlami yo’q, dolomit va ohaktoshlar esa kesimda 12-15 metrgacha qisqarganligi kuzatilgan. Organik qoldikdardan mollyuskalar, mikrofaunadan faqat ostrakodalar uchraydi. Yuqori Paleosen karbonat-sulfatli, karbonat-terrigen va mergel-gilli yotqiziqlaridan iborat bo’lib, aniq ajralgan. Qalinligi 50— 193 metrgacha. Ba’zi joylarda kaolinit tarkibli karbonatsiz, orasida g’urra shaklida joylashgan fosforit tanalari mavjud bo’lgan qalinligi 18-25 metr gillar va 0,7 metrgacha qalinlikda yonuvchi slanes qatlamlari uchraydi. Yuqori Paleotsen yotqiziqlarining umumiy qalinligi 70-210 metr. Oqtov seriyasi qatlamlarining umumiy qalinligi 40-50 metrdan 390 metrgacha. Oqtov seriyasi qatlamlari Tojikiston depressiyasi va Buxoro—Xiva oblastlarida ham keng tarqalgan. Surxondaryo havzasi Oqtov seriyasi qatlamlarida 6 kollektor, gorizont va bir necha neft konlari mavjud. Oqtov seriyasi stratigrafik ahamiyatga ega.