Oqtov tizmasi
Oqtov tizmasi — Janubiy Nurota tog’laridagi tizma. Samarqand va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan, Janubi-sharqdan shimoli-g’arbga 120 kilometrga cho’zilgan. Sharqda Qaroqchi tog’tizmasi, g’arbda Qizilqum cho’li, shimolda Nurota botig’i, Janubi-g’arbda Qoratog’ tizmasi bilan chegaralangan. O’rtacha balandligi 1000— 1200 metr; shimoli-g’arbda 600 metrgacha pasayib, tekislik bilan tutashadi. Eng baland joyi 2003 metr (Taxku cho’qqisi). Tizmaning Janubiy yon bag’ri qiyaroq, ko’plab daryo va soylar bilan kesilgan. Oqtov tizmasi bir nechta kichik tog’lar (Baxiltog’, Pistali, Dultali, Oqtosh) dan iborat. Gersin bur-malanishi davrida shakllangan antiklinal struktura. Paleozoyning yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan ohaktosh, slanes, granitlaridan tashkil topgan. Iushmi keskin kontinental, yillik yog’in (g’arbiy etaklarida) 250 mm dan ziyod, Sharqiy etaklarida esa (balandligi 720 metr) 450 mm dan ortiq. Tizmaning yuqori qismlarida yog’in ko’proq. Oqtov tizmasidan Zarafshon daryosining o’ng irmoqlari (Zarbandsoy, Quruqsoy, Andoqsoy, Tasmachisoy, Maydonsoy, Oltinsoy va boshqalar) boshlanadi. Tizmada ko’plab karst buloqlari mavjud bo’lib, daryolarning to’yinishida (ayniqsa, yoz faslida) asosiy rol o’ynaydi. Shimoliy yon bag’ridagi soylarda ham suv bahor faslida bo’ladi. Tog’yon bag’rida oddiy bo’z va to’q-bo’z, tog’ jigarrang tuproqlar tarqalgan. Efemer va efemeroid, shuvoq, qo’ziquloq, oq kavrak, bug’doyiq, tipchak, uchqat, do’lana, pista, na’matak, bodom, baland bo’yli dasht o’tlari o’sadi. Oqtov tizmasida dala shpati, granit, marmar konlari mavjud. Yaylov sifatida foydalaniladi.