O’QUV DASTURI

O’QUV DASTURI — ta’lim tizimidagi har bir o’quv fanining mazmuni va o’tilish tartibini, o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilishi lozim bo’lgan bilim hamda ko’nikmalar hajmini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat. O’zbekistonda O’quv dasturi tegishli vazirliklar qoshidagi ilmiy metodik kengashlar tomonidan tasdiqlanadi. Har bir O’quv dasturi uqtirish xati, o’quv fani mazmunining qisqa bayoni, o’quvchilarning bilim va ko’nikmalariga qo’yiladigan talablar singari 3 qismdan iborat. O’quv fanining maqsad va vazifalarini belgilab berish O’quv dasturining muhim belgisidir. Chunki ayni shu narsa yaratiladigan o’quv darsligi muallifiga muayyan nuqtai nazarni tanlash, o’qituvchiga esa pedagogik mo’ljalni to’g’ri belgilash imkonini beradi. Ta’lim amaliyotida O’quv dasturi yaratishning kontsentrik (markazlashgan) hamda tizimli usullari bor. Kontsentrik yo’l bilan tuzilgan O’quv dasturida ta’limning mazmuni yoki o’quv materiallari o’qitishning keyingi bosqichida yuksakroq darajada takrorlanishi ko’zda tutiladi. Boshlang’ich sinflarda o’tiladigan o’quv fanlari bo’yicha O’quv dasturilari shu usulda tuziladi. Tizimli usuddagi O’quv dasturilarida o’quv materiallari fan mantig’iga muvofiq soddadan murakkabga qarab ketma-ket joylashtiriladi. Maktabning boshlang’ich sinfdan keyingi bosqichlarida qo’llaniladigan bu usudda ortiqcha takrorlarga yo’l qo’yilmaydi, har bir mavzuning o’z o’rnida o’tilishi ko’zda tutiladi. Ta’limning O’quv dasturi tomonidan belgilangan mazmuni darslik, o’quv qo’llanmalari, ko’rgazmali qurol va metodik tavsiyalarda to’la namoyon bo’ladi.