Orolbo’yi

Orolbo’yi, quyi Amudaryo murakkab tabiiy geografik hudud. Ma’muriy jihatdan O’zbekiston va Qozog’iston hududlarida. Uning g’arbida Ustyurt platosi chinklari, shimolda katta va kichik bo’rsiq qumliklari, shimoli-sharqida Orolbo’yi Qoraqumi, Sharqda Sirdaryo deltasi, Janubi-sharqida Qizilqum cho’lining shimol qismi, Janubda esa Amudaryoning hozirgi deltasi joylashgan. Orol dengizi shimoliy-Sharqiy va Janub qismlarida suv sathining pasayishi natijasida vujudga kelgan hududlar (Orolqum) mavjud. Orol dengizi cho’kmasi yuqori neogenning oxiri (pliosen)da tarkib topgan. Geologlarning fikricha, o’sha davrda Mo’ynoq yarim oroli — Vozrojdenie — Borsakelmas orollari bo’ylab meridianal yo’nalishda Ustyurt chinkining vujudga kelishi boshlangan. Orol cho’kmasini birinchi marta yuqori Pliotsenda, Kaspiyning Oqchag’il transgressiyasi davrida suv bosgan. Oqchag’ilning ko’ldengiz yotqiziqlari (mergel, gil, qum, qumtoshlar) Orolbo’yidagi Qo’shxonatov va Beltov balandliklarida saqlangan. Kaspiyning Apsheron transgressiyasi davrida Orol cho’kmasini ikkinchi marta suv bosgan, uning yotqiziqlari (qalin qumgil) Amudaryo deltasida to’rtlamchi davr yotqiziqlari ostida mavjud. O’rta to’rtlamchi davrda Amudaryo shimol tomonga buriladi. 2-ming yillikning ikkinchi yarmidan Amudaryo Orol cho’kmasiga quyilgan va daryoning hozirgi yoki Orol deltasi tarkib topib, natijada harakatdagi qumlar (barxanlar), ba’zi joylarda do’ng va kichik marzali qum shakllari hosil bo’lishi boshlangan. O’sha davrda Amudaryoning Oqchadaryo deltasi vujudga kelgan. U shimol va shimoli-sharkda Sirdaryoning qadimgi Janadaryo deltasi bilan birlashgan. Hozirgi u yerda qum relef shakllari pliosenning gil, qumtosh, mergel, tog’ jinslaridan tashkil topgan qoldiq balandliklar (Buzgul — 95 metr, uchtagan — 414 metr, Jomontov — 102 metr va boshqalar) bor. Amudaryoning hozirgi Delta yuzasi daryoning ko’plab eski va yangi o’zanlari bilan murakkablashgan. Deltada qoddiq denudasion balandliklar: Beltov (142 metr), Qushxonatov (138 metr), Qiziljar (118 metr), Mo’ynoq (86 metr) va boshqalar mavjud. Orolbo’yining Janub qismida qishda havo temperaturasi -7,6, -8,8°, yozi issiq, iyulning o’rtacha temperaturasi 25,9°, 28,3°, yillik yog’in 75— 120 millimetr. Oxirgi yillarda Orol dengiziga quyiladigan suv miqdori juda kamaygan, ba’zi yillar yozda Taxiatoshdan quyida suv butunlay bo’lmaydi. Natijada ko’plab ko’llar qurib qoldi. Tuproq qoplamining xususiyatlari ham o’zgardi, grunt suvlarining sathi pasaydi, sho’rxokzorlar maydoni keskin kengaydi, cho’llashishning kuchayishi sababli to’qaylarning asosiy qismi quridi. Qamishzor, to’qay o’rnida endilikda yulgunzorlar, bir yillik sho’ralar tarkib topgan. O’simliklarning degradasiyasi kuchayishi bilan yaylovlar mahsuddorligi, hayvonlar turi va soni kamayib ketdi. Oqibatda, ushbu hududda bir-biri bilan bog’liq bo’lgan geoekologik muammolar vujudga keldi.