O’SIMLIKLAR MORFOLOGIYASI

O’SIMLIKLAR MORFOLOGIYASI, fitomorfologiya — botanikaning bo’limi; o’simliklarning tuzilishi va forma hosil bo’lishi jarayonlaridagi qonuniyatlarni o’rganadigan fan. O’simliklar morfologiyasining tarixiy taraqqiyoti davomida undan o’simliklar anatomiyasi, o’simliklar embriologiyasi, tsitologiya mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Tabiatdagi o’simliklarning morfologik jihatdan turli-tumanligini aniqlash; tuzilishi, organlar va organlar sistemasining o’zaro joylashuvi qonuniyatlarini o’rganish; o’simliklarning umumiy tuzulishi va ayrim organlarining individual rivojlanishida (ontomorfogenez) o’zgarishini tadqiq etish; o’simlik dunyosining evolyutsion rivojlanishida organlarning paydo bo’lishini izohlash (Filomorfogenez); forma hosil bo’lishida turli xil tashqi va ichki omillar ta’sirini o’rganish O’simliklar morfologiyasining asosiy muammolaridan hisoblanadi. Morfologik tadqiqotlarning asosiy metodlari — tasvirlash, chog’ishtirma va eksperimental metodlardir. Birinchisi o’simlik organlari va organlar sistemasini tasvirlaydi (organografiya), ikkinchi metodda tasvirlangan material tavsiflanadi va hokazolar. Eksperimental metodda nazorat etiladigan tashqi muhit kompleksi sun’iy hosil qilinadi hamda bu sharoitda o’simliklarning morfologik reaktsiyasi va boshqalar o’rganiladi. O’simliklar morfologiyasi Botanikaning boshqa bo’limlari: o’simliklar paleobotanikasi, o’simliklar sistematikasi va filogeniyasi, o’simliklar fiziologiyasi, o’simliklar ekologiyasi, o’simliklar geografiyasi va geobotanika, genetika va o’simlikshunoslik bilan chambarchas bog’liq. O’simliklar morfologiyasi juda qadimdan o’rganila boshlangan. 17-asrda O’simliklar morfologiyasini nazariy umumlashtirish sohasida dastlabki ishlar qilingan (italiyalik olimlar A.Tsezalpin, M.Malpigi, nemis olimi I.Yung). Lekin O’simliklar morfologiyasi soha sifatida 18-asr oxirlarida shakllandi. Bu vaqtda «o’simliklar metamorfozi haqida tajriba» («opnt o metamorfoze rasteniy», 1790) kitobi nashr qilinib, bunda I.V.Gyote «morfologiya» terminini fanga joriy etishni taklif etdi. 19-asrning birinchi yarmida O’simliklar morfologiyasi ancha rivojlandi. O.P.Dekandol (1827) Gyotedan mustasno organlar va ular metamorfozi to’g’risida xulosaga keldi. Ochiq urug’lilar urug’kurtagi ustidagi dastlabki tadqiqotlar angliyalik botanik R.Brounga tegishlidir; u ignabarglilarda arxegoniy va spermiyni anikdadi. O’simliklar morfologiyasi fanining chog’ishtirma metodi rivojlanishida nemis botanigi A.Braunning xizmati katta. 19-asrning 2-yarmi va 20-asr boshlarida O’simliklar morfologiyasining rivojlanishiga Ch.Darvinning evolyutsion nazariyasi katta ta’sir ko’rsatdi. O’simliklar morfologiyasi evolyutsiyasidagi boshqa yo’nalishlar rivoji, asosan, qazilma o’simliklarni o’rganishga asoslandi. Masalan, angliyalik botanik F.Bouer, nemis olimi g.Potone va frantsuz O.Linelar tomonidan quruqlikdagi yuksak o’simliklar asosiy organlari o’rganildi. Gulning kelib chiqishi nazariyasi O’simliklar morfologiyasi evolyutsiyasini tushuntirishda muhim ahamiyatga ega. Angliyalik botaniklar N.Arber va J.Parkin va Avstriyalik botanik R.Vettshteyn, rus botanigi X.Ya.Gobi mevalarning birinchi evolyutsion tasnifini ishlab chiqishdi. Ontogenetik O’simliklar morfologiyasi filogenetik va eksperimental O’simliklar morfologiyasi bilan mustahkam aloqada rivojlandi. Nemis botanigi A.Eyxler bargning rivojlanish tarixi (1869) va gul tuzilishi qonuniyatini (1878-82), rus botanigi V.A. Deynega esa bir pallali va ikki pallali o’simliklar bargi otnogenezini tadqiq etdilar. O’simliklar morfologiyasining eksperemental metodi (termin K.A.Timiryazev tomonidan taklif etilgan, 1890) ning rivojlanishiga A.N.Beketov katta hissa qo’shdi; u o’simlik organlarining fiziologik funktsiyalari va tashqi muhit ta’sirini forma hosil bo’lishida muhim omil deb hisobladi. Rus botanigi N.F.Levakovskiy quruqlikda yashovchi o’simlik novdalarining suv muhitidagi holatini eksperemental o’rgandi (1863), nemis fiziologi G. Fyoxting o’simlik formasiga turli tabiiy sharoit ta’sirini eksperemental kuzatdi (1878-82) hamda o’simliklarda qutblik hodisasini ochdi. Nemis botaniklari G. Klebs (1903) va K. Gyobel (1908) organlarning o’sish formasi aniq omillar (yorug’lik, namlik, oziq) ga bog’liq ekanligini tajribada aniklashdi va sun’iy metamorfoz hosil qilishdi. Ekologik O’simliklar morfologiyasi o’simliklar geografiyasi va ekologiyasi bilan bir vaqtda paydo bo’ldi. Daniyalik E.Varming va K.Raunkier, nemis botanigi A.Shimper mazkur yo’nalishga asos solishdi. Chog’ishtirmamorfologik yo’nalish V.Trollya (GFR) va uning shogirdlari ishlari bilan boshlandi. Yopiq urug’lilarning morfologik evolyutsiyasini rus botanigi A.L.Taxtajyan tavsiflab berdi. Ontogenetik va eksperimental yo’nalish o’simliklar fiziologiyasi bilan birga jadal rivojlandi (morfogenez). Morfogenez to’g’risida Amerikalik olim E.Sinnot ishlarida batafsil ma’lumot beradi. Yuksak o’simliklarda organo va gistogenezning asosiy manbai hisoblangan novda va ildiz o’sish konusini o’rganish bo’yicha bajarilgan ishlar ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Mazkur sohadagi nazariy umumlashmalar shved olimi O.Shyupp (1938), amerikalik — A.Foster va uning xodimlari (1936— 54), K.Esau (196065), nemis G.Guttenberg (1960-61), angliyalik — F.Klous (1961) ga tegishli. O’zbekistonda anatomik metod keng qo’llanishi asosida morfogenez sohasida muhim ishlar olib boriddi; qiyin ekologik sharoitda yashovchi ob’yektlarda organogenez etaplar va ularning tashqi muhitga bog’liqligi to’g’risidagi ta’limot shular jumlasidandir. Chog’ishtirma ekologik O’simliklar morfologiyasi sohasidagi ma’lumotlar faqat forma hosil bo’lish qonuniyatini tushuntirish bilan birga ulardan amaliyotda foydalanishga imkon berdi. Ontomorfogenez, ekologik va eksperimental O’simliklar morfologiyasi sohasidagi tadqiqotlar o’rmonchilik va o’tloqchilikning biologik asoslarini yaratishda hamda manzarali o’simliklar etishtirish usullarini ishlab chiqishda ahamiyatga ega. Botanika bog’laridagi introduktsiyalash ishlarida ontogenetik va ekologik O’simliklar morfologiyasi ma’lumotlariga asoslaniladi va ayni vaqtda bu ishlar yangi nazariy xulosalar uchun material beradi. O’zbekistonda «Botanika» ilmiy ishlab chiqarish markazida ham O’simliklar morfologiyasining turli sohalarida tadqiqot ishlari olib boriladi. Ad. Serebryakov I.G., Morfologiya vegetativnmx organov vmsshix rasteniy, M., 1952; Taxtadjyan A.L., Osnovn evolyutsionnoy morfologii pokrmtosemyannix, M.— L., 1964.