O’SIMLIKSHUNOSLIK INSTITUTI

O’SIMLIKSHUNOSLIK INSTITUTI, O’zbekiston o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti — o’simlikshunoslik bo’yicha yirik ilmiy-uslubiy markaz. O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiyishlab chiqarish markazi tarkibida. 1925 yilda N.M.Vavilov tashabbusi bilan Leningrad amaliy botanika, genetika va selektsiya institutining O’rta Osiyo bo’limi tashkil etilgan. 1935 yildan Butunittifoq o’simlikshunoslik institutining O’rta Osiyo tajriba stansiyasi, 1979 yildan shu institutining O’rta Osiyo filiali. 1991 yildan hozirgi nomda. Toshkent viloyat Qibray tumani Oqqovoq qishlog’ida joylashgan. Qishloq xo’jalik ekinlarining namunalarini yig’ish va introduktsiya qilish; introduktsiya qilingan o’simliklarni karantin ko’rigidan o’tkazish; o’simliklar genofondini saqlash va boyitish; qishloq xo’jalik ekinlarini atroflicha to’la o’rganish asosida selektsiya maskanlariga qimmatli xo’jalik belgi va xususiyatlarga ega donorlar va birlamchi manbalar yetkazib berish; ekinlarning yangi navlarini yaratish; yangi, noan’anaviy ekinlarni ishlab chiqarishga joriy etish; institutda yaratilgan qishloq xo’jalik ekinlari navlarining birlamchi urug’chiligini olib boorish va bilan shug’ullanadi. institut tarkibida (2005): o’simliklar genetik resurslarini hujjatlashtirish; introduktsiya; dala ekinlari; texnika ekinlari; sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka; meva-rezavor ekinlari bo’limlari, urug’shunoslik; moyli ekinlar; uzumchilik; biokimyo laboratoriyalari, Andijon (Jalolquduq tumani Jalaquduq shirkat xo’jaligi), Surxondaryo (Jarqo’rg’on tumani «Surxon» shirkat xo’jaligi) tajriba xo’jaliklari bor. Institutda o’simliklar genetik resurslari o’rta muddatlarda (15-20 yil) saqlanadigan genlar banki — qishloq xo’jalik ekinlari genofondi yaratilgan. Ilmiy kutubxona, muzey faoliyat ko’rsatadi. Institutga ajratilgan umumiy yer maydoni 395 gektar, shundan ekiladigan yer maydoni Qibray tumanida 135 gektar, tajriba xo’jaliklarida 195 gektar (Andijon tajriba xo’jaligida 45 gektar, Surxondaryo tajriba xo’jaligida 150 gektar). Har yili 59 gektar ochiq yer maydoniga dala, texnika, sabzavot va poliz, vegetativ holda ko’payuvchi, respublika uchun noan’anaviy bo’lgan ekinlarning 3000 ga yaqin namunalari ekilib, urug’lari genlar bankida saqlash uchun olinadi. Institut 80 turdan ortiq ekinlarning 30 mingdan ko’proq nav namunalariga ega. Institutda 26 gektar maydonda tok kollektsiya bog’i (1580 namuna), 46 gektar maydonda meva-rezavor ekinlari kollektsiya bog’i (4013 namuna) tashkil etilgan, g’o’za namunalarining mamlakatda yagona bo’lgan tur, ish va dublet kollektsiyasida 5400 dan ortiq namuna saqlanadi. 80 yil davomida Davlat nav sinash komissiyasiga qishloq xo’jalik ekinlarining 750 dan ortiq navlari topshirilgan va shundan 240 tasi turli ylarda rayonlashtirilgan. 2005 yilda O’zbekiston hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo’jalik ekinlarining 78 ta navi institut olimlari tomonidan yaratilgan navlardir. Institut olimlari O’simlikshunoslikka oid 250 katalog, 29 ilmiy to’plam, uslubiy qo’llanmalar, darsliklar, tavsiyanomalar yaratdilar. Institut faoliyati S.M.Pereskokov, N.G.Ruban, M.V.Muhammadjonov, V.P. Gorbunov, I.M.Pugachev, F. Uzoqov, K.I.Pangalo, M.G.Popov, K.A. Visoskiy, M.S.Juravel, V.K.Kobelev, I.A.Maksimov, V.P.Matveev, P.A. Baranov, M.M.Negrul, K.F.Kostina, V.A.Arzumanov, G’.Q.Qurbonov, A.R. Shreder, K.I.Baymetov, B.X.Sattorov va boshqalar ko’plab olimlar faoliyati bilan bog’liq. Institutda 300 ga yaqin xodim, jumladan, 2 fan doktori, 14 fan nomzodlari ishladi (2005). Institutda ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash, selektsiya va urug’chilik, o’simlikshunoslik yo’nalishlari bo’yicha aspirantura bor. Institut jahonning yirik ilmiy tashkilotlari va genlar banklari bilan ilmiy hamkorlik aloqalari o’rnatgan. Fayzulla Hojiyev.

One thought on “O’SIMLIKSHUNOSLIK INSTITUTI

  1. Menga jenshen o’simligini ildizi yoki urug;i kerak iltimos menga yordam qilinglar. Oldindan rahmat

Comments are closed.